“Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak”, – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
14:24 / 01.11.2024 322 0

 

Prezident Navoiy shahridagi 22-son umumtaʼlim maktabida boʻldi.

 

Mamlakatda maktab taʼlimi umummilliy harakatga aylanmoqda. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ham taʼlim sohasi eng birinchi vazifa sifatida belgilangan.

 

1 800 nafarga yaqin oʻquvchi taʼlim-tarbiya olayotgan Navoiy shahridagi 22-son umumtaʼlim maktabi oʻtgan yili qurilib, foydalanishga topshirilgan. Barcha sinfxonalar, laboratoriya, kompyuter va xorijiy til xonalari, sport zali, futbol maydoni, oshxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Kutubxona 3 mingdan ortiq kitoblar bilan taʼminlanib, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona tizimiga ham ulangan.

 

 

Maktabda Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda “Vatan tayanchi” harbiy vatanparvarlik guruhi tashkil etilgan. Unda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalar jasorati haqida muloqotlar oʻtkaziladi. Shuningdek, vatanparvarlik tadbirlari, sport musobaqalari tez-tez tashkil qilinadi.

 

“Ilmli boʻlish, kasb-hunar egallash yaxshi. Qalbingizda vatanparvarlik kuchli boʻlsa, shijoatingiz yanada baland boʻladi”, degan prezident oʻquvchilar bilan uchrashuvda.

 

Maktabda “Iqtidor” klubi ham tashkil etilgan. Unda ijodkor oʻquvchilar musiqa, teatr va sanʼat yoʻnalishida turli mashgʻulotlarda ishtirok etadi.

 

 

“Mening eng katta tashvishim, maqsadim – yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, oʻqishingiz kerak. Olgan bilimingiz, oʻrgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot boʻladi”, degan davlat rahbari bolalarga.

 

Maʼlum qilinishicha, taʼlim dargohida “xavfsiz maktab” tizimi ishlaydi. Buning uchun muassasaga kirish-chiqishda Face ID dasturi qoʻyilgan. Shuningdek, quyosh panellari oʻrnatilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//