Joriy yilda nikoh qurganlarning 80 foizini 25 yoshgacha boʻlgan qizlar tashkil qilmoqda

Saqlash
15:28 / 29.10.2024 291 0

2024-yilning yanvar-sentyabr oylari davomida respublikada 179,4 mingta nikoh qayd etilgan. Maʼlumotga koʻra, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,1 ming birlikka kam.

 

Nikohlarning yarmidan koʻpi shahar hududlariga (52,2 foiz) toʻgʻri kelsa, qishloqlarda (47,8 foiz) ushbu koʻrsatgich nisbatan pastroq.

 

Oila qurishda ayollarning oʻrtacha yoshi 22,5 yoshni, erkaklarning oʻrtacha yoshi esa 27,4 yoshni tashkil etgan. Qayd etilgan nikohlarning eng katta ulushi 25 yoshgacha boʻlgan ayollarga toʻgʻri kelgan, yaʼni bunda ushbu yoshdagilar jami nikohlanganlarning 80,0 foizini tashkil qilgan.

 

Taqsimlanganda, nikohlangan ayollarning 18,4 foizi 20 yoshgacha, 68,8 foizi 20–30 yoshgacha, 9,3 foizi 31–40 yoshgacha hamda 3,5 foizi 41 yosh va unda kattalar hissasiga toʻgʻri kelgan.

 

Maʼlumotda mazkur davr uchun ajrashgan oilalar miqdori ham keltirilgan boʻlib, oʻtgan 9 oy davomida bu son 34 mingtani tashkil qilgan. Agar 2020-yil bilan solishtirilsa, koʻrsatgichlar 14,0 mingtaga yoki 1,7 barobarga koʻpayganini koʻrish mumkin.

 

Joriy yilda eng koʻp ajrashish shahar hududlariga toʻgʻri kelgan – 62 foiz (qishloqlarda 38 foiz).

 

Turmushi buzilgan oilalarning 16 135 tasi (47,5 foizi) farzandsizlikdan, 9 863 tasi (29 foizi) 1 nafar hamda 7 986 tasi (23,5 foizi) 2 va undan ortiq farzand bilan ajrashgan.

 

Ajrashganlarning oʻrtacha yoshi erkaklar uchun 35,2 yoshni, ayollar uchun 32,4 yoshni tashkil etgan. Eng katta ulush 35 yoshgacha boʻlgan ayollarga toʻgʻri kelgan. Foiz hisobda esa bu son ajrashganlarning 64,3 foizini tashkil qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//