OTMga kirish uchun beriladigan imtiyozlar yana bittaga koʻpaydi

Saqlash
14:36 / 28.10.2024 252 0

Oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirish uchun oʻquvchilarga taqdim qilinadigan imtiyozlar yana bittaga koʻpaydi.

 

Joriy yilning 25-oktyabrida qabul qilingan Prezident qaroriga koʻra, “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini yanada kengaytirish, unda faol ishtirok etish hamda davlat umumtaʼlim maktablarini aʼlo baholar bilan taʼminlagan yoshlarni qoʻllab quvvatlash maqsadida taʼlim muassasalarida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi.

 

Jumladan, endi davlat umumtaʼlim maktablari, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar oʻz oʻquvchilarini odob-axloq qoidalariga rioya qilish, Vatanga sadoqat hamda oʻziga qatʼiy ishonch ruhida tarbiyalash, oʻqishi, intizomi va jismoniy koʻrsatkichlari past oʻquvchilarga yuqori natijalarga erishishda koʻmaklashiladi.

 

Bunday taʼlim maskanlarida oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi.

 

Maktablarda chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchisi rahbarligida sinflar sonidan kelib chiqib, tarkibi 20 nafar 10–11-sinflar oʻquvchilaridan iborat boʻlgan “Vatan tayanchi” otryadlari tuziladi va ularning faoliyati “Vatan tayanchi” harakati tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

 

“Vatan tayanchi” harakatining faoliyatida faol ishtirok etgan hamda maktablarni aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar aʼzosiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning oliy harbiy taʼlim muassasalari hamda oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.

 

“Vatan tayanchi” harakatining tegishli tavsiyanomalariga ega boʻlgan “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolari esa Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning oliy harbiy taʼlim muassasalari hamda oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalarining tegishli taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda test sinovlari yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalariga koʻra toʻplagan ballarining 5 foiz miqdorida qoʻshimcha ball shaklida imtiyozga ega boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//