Jamiyat
Prezident farmoni bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati tugatildi. Uning oʻrniga Vazirlar Mahkamasi huzurida Migratsiya agentligi tashkil qilindi.
Endilikda ushbu agentlik tashqi mehnat migratsiyasi sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi, davlat organlarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va mazkur sohada davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Hujjatga koʻra, Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi ham mazkur tashkilot tarkibiga oʻtkaziladi va uning negizida Migratsiya jamgʻarmasi tuziladi.
Shuningdek, yangi tuzilmaga keyingi yildan amalga oshirishi mumkin boʻlgan yangi vakolat berildi. Jumladan, 2025-yil 1-yanvardan boshlab agentlikka xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq nazorat tadbirlarini oʻtkazishga ruxsat etiladi.
Oʻtkazilgan har qanday tekshirish natijasi boʻyicha tuzilgan bayonnomalar, aniqlangan qonun buzilishi holatlari soni va xususiyati haqidagi maʼlumotlar esa majburiy tartibda 5 kunda “Xorijda ish” elektron dasturiga joylashtirib borilishi shart. Bu agentlikning majburiyati sifatida qaraladi.
Joriy yilning 1-noyabridan xorijiy ish beruvchilar tomonidan taklif qilinayotgan ish oʻrinlari haqidagi barcha maʼlumotlar Migratsiya agentligining elektron platformasi, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq eʼlon qilib boriladi.
Bunda agentlikning elektron platformasida fuqarolarga oʻzining rezyumesini shakllantirish va joylashtirish hamda eʼlon qilingan ish oʻrinlari boʻyicha tanlovlarda erkin ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.
Vaqtincha mehnat faoliyatiga chiqib ketayotgan fuqarolarga esa Migratsiya jamgʻarmasi hisobidan 10 million soʻmgacha ikki yil muddatga mikrokreditlar ajratiladi. Ularning xorijda ishga joylashishi va “ishchi viza”ga oid hujjatlarini rasmiylashtirish boʻyicha ham bepul konsalting xizmatlari koʻrsatiladi.
Shu yilning 1-dekabridan agentlik tomonidan taʼlim tashkilotlarida xorijga ishga ketmoqchi boʻlgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga oʻqitish boʻyicha buyurtmalar joylashtirish tartibi yoʻlga qoʻyiladi.
Bundan tashqari, ushbu sanadan xususiy bandlik agentliklariga imtiyoz ham beriladi. Xususan, ular tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinadigan mablagʻlar miqdori BHMning 8500 baravaridan 4000 baravarigacha tushiriladi.
2026-yil 1-yanvargacha esa agentlikning fuqarolarni tashkillashtirilgan holda tanlash, xorijga ishga yuborish va ishga joylashtirish bilan bogʻliq funksiyalari bosqichma-bosqich xususiy bandlik agentliklariga oʻtkaziladi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q