“Begunoh bolalar qurbon boʻlishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi” – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
21:29 / 24.10.2024 507 0

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “BRIKS +” formatidagi sammitda soʻzlagan nutqi matni eʻlon qilindi.

 

Prezident Yaqin Sharqdagi tobora keskinlashib borayotgan mojaro Oʻzbekistonni ham tashvishga solayotganini, bu mintaqa qoʻshni mamlakatlar va yirik davlatlarning mojaroga tortilishi bilan global inqirozning yirik oʻchogʻiga aylanib borayotganini qayd etgan.

 

“Jahon iqtisodiyoti va savdosining parchalanib borayotgani tengsizlik, texnologik uzilishlar va proteksionizmni kuchaytirmoqda. Mamlakatlar oʻrtasida yangi toʻsiqlar vujudga kelmoqda.

 

Bunday sharoitda teng huquqlilik, bloklardan xolilik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, suverenitetga hurmat va oʻzining mustaqil taraqqiyot yoʻliga ega boʻlish huquqi kabi tamoyillarga asoslanib harakat qilayotgan BRIKS oʻzini koʻp tomonlama hamkorlik va sheriklikning nufuzli va rivojlanib borayotgan tuzilmasi sifatida namoyon etmoqda.

 

Oʻzaro aloqalarning bunday modeli Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy rolini saqlagan holda jahon tartibotining bugungidan koʻra adolatliroq yangi arxitekturasini shakllantirish uchun mustahkam asos boʻlishi mumkinligiga ishonamiz.

 

Geosiyosiy raqobat, milliy egoizm va mafkuraviy qoliplardan xoli boʻlgan, konstruktiv muloqot yoʻli bilan global murosaga erishish boʻyicha yangragan daʻvatlarni qoʻllab-quvvatlayman.

 

Jahondagi boshqaruv institutlarini isloh qilish hamda “Janub – Janub” va “Shimol – Janub” formatlaridagi masʻuliyatli muloqotlarni kengaytirishning vaqti keldi, deb hisoblaymiz”, degan Oʻzbekiston prezidenti.

 

Davlat rahbari Yaqin Sharqdagi mojaro haqida ham toʻxtalgan.

 

“Yaqin Sharqdagi tobora keskinlashib borayotgan mojaro bizni ham tashvishga solmoqda. Bu mintaqa qoʻshni mamlakatlar va yirik davlatlarning bu mojaroga tortilishi bilan global inqirozning yirik oʻchogʻiga aylanib bormoqda.

 

Biz Gʻazo va Livandagi misli koʻrilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi ogʻriq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon boʻlishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi.

 

Isroil – Falastin muammosining yagona yechimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilish boʻlib qolmoqda, deb hisoblaymiz”, degan Shavkat Mirziyoyev.

 

Oʻzbekiston yetakchisi global va mintaqaviy xavfsizlik haqida gapirganda, Afgʻoniston muammosini chetlab oʻtish mumkin emasligini taʻkidlab oʻtgan.

 

“Bizning umumiy vazifamiz – ushbu mamlakatni yakkalash emas, balki Afgʻoniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinch qurilish va taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishda yordam koʻrsatishdir”, deya taʻkidlagan Shavkat Mirziyoyev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//