“Ular oʻzini katta ogʻadek tutyapti” – deputat Oʻzbekistonga tahdid qilgan ayrim rus siyosatchilari haqida

Saqlash
20:40 / 24.10.2024 452 0

Oʻzbekiston suvereniteti va manfaatlariga zid fikr bildirayotgan ayrim rus siyosatchilari eskicha dunyoqarashga ega. Bu haqda deputat Bobur Bekmurodov aytib oʻtdi.

 

Toshkent shahrida “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida turli sohalarga oid muloqotlar boʻlib oʻtmoqda. Bugun, 24-oktyabr kuni tashkil etilgan suhbat Oʻzbekistonda erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish mavzusida kechdi. Tadbir yakunida Oliy Majlis deputati, “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov “Daryo” nashriga intervyu berdi.

 

Deputat soʻnggi paytlarda baʼzi rus siyosatchilari Oʻzbekiston suvereniteti va manfaatlariga zid fikrlar aytayotganiga munosabat bildirgan.

 

“Birinchidan, bunday gaplarni aytayotgan odamlar Rossiyada jamoatchilik fikrini shakllantirmaydi. Masalan, Mironov shu toifadan. Buni yaxshi tushunib olishimiz kerak. Oʻzbekiston jamoatchiligi tahdidlarga nisbatan faol javob bermoqda. Biz odamlarimiz manfaatlariga zid boʻlgan har qanaqa tajovuzli gapga qarshi turyapmiz. Bundan keyin ham qarshi turamiz”, degan deputat.

 

“Rossiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlar, parlamentlararo hamkorlik kengayib bormoqda. Eski dunyoqarashdagi, hatto jamoatchilik fikrini shakllantirmaydigan ayrim rus siyosatchilari oʻzini katta ogʻadek tutayotganini koʻryapmiz. Agar Rossiyaning yosh, progressiv deputatlari bilan gaplashsangiz, ularda bunday fikrlar yoʻq. Shuning uchun eski dunyoqarashdagi rus siyosatchilari hamda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi munosabatlarni ayri holda koʻrish kerak”, deya fikr bildirgan “Yuksalish” harakati rahbari.

 

Xulosa qilar ekan, Bobur Bekmurodov suverenitet va manfaatlarga qarshi har qanaqa fikrlarga nisbatan Oʻzbekiston jamoatchiligi qatʼiy turishi zarurligini aytdi.

 

“Qandaydir bir oddiy tarixchi gapirsa ham unga javob qilinyapti. Doim aytamanki, javoblar mutanosib boʻlishi kerak. Rossiyada qaysidir fraksiya rahbari fikr bildirdimi, bizdan ham fraksiya rahbari javob berishi lozim. Oddiy oʻqituvchining gapiga katta siyosatchilar javob qaytarishi shart emas. Biz katta davlatmiz, aholimiz qariyb 40 millionga yaqinlashdi. Oʻzbekiston buyuk tarixga ega. Shuning uchun oʻz darajamizni toʻgʻri belgilab olishimiz kerak”, deya soʻzini yakunlagan parlament aʻzosi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//