Jamiyat
Mamlakat bosh vaziri bolalarni “algoritm kuchi”dan himoya qilish kerakligini ta’kidlagan.
Norvegiyada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlanmoqda. Hozirda mamlakatda bunday cheklov 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun amal qiladi. Avvalroq Avstraliyada ham bu masala ko‘rib chiqilayotgandi.
Norvegiya hukumati ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uchun qat’iy yosh cheklovini joriy etishni rejalashtirmoqda. Endi ulardan 15 yoshdan kichik bolalar foydalana olmaydi, deya xabar bergan The Guardian nashri bosh vazir Yonas Gar Sterega tayanib.
Hukumat rahbarining aytishicha, siyosatchilar bolalarni ijtimoiy tarmoqlardagi zararli kontentdan va “algoritmlar hukmronligi”dan himoya qilish uchun vaziyatga aralashishlari zarur.
Skandinaviya davlatida allaqachon ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning minimal yosh chegarasi mavjud — 13 yosh. Shunga qaramay, o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, to‘qqiz yoshli bolalarning yarmidan ko‘pi, 10 yoshlilarning 58 foizi va 11 yoshlilarning 72 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda.
Sentabr oyida Avstraliya hukumati bolalarni onlayn tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlayotganini e’lon qilgandi. Mamlakatda bolaga internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga ruxsat beriladigan minimal yosh belgilanishi mumkin.
Bunday yosh hozircha aniqlanmagan. Bosh vaziri Entoni Albanezening so‘zlariga ko‘ra, hukumat 14−16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning Instagram va TikTok’dan foydalanishini taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda, uning o‘zi esa minimal yoshni 16 yosh qilib belgilashni ma’qul ko‘ryapti.
Fransiya esa 15 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun maktabda mobil telefonlarni taqiqlashni sinovdan o‘tkazmoqda. Agar bu tajriba muvaffaqiyatli bo‘lsa, yanvar oyidan boshlab ushbu amaliyot butun mamlakat bo‘ylab joriy etilishi mumkin.
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q