Oʻzbekistonda aholini roʻyxatga olish 2026-yilda oʻtkazilishi mumkin

Saqlash
22:37 / 23.10.2024 252 0

Oʻzbekistonda aholini roʻyxatga olish 2026-yil 15-iyuldan 21-avgustga qadar oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu boʻyicha Prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

 

Loyihaga koʻra, aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha hududiy komissiyalar tuziladi.

 

Aholini roʻyxatga olishni planshet qurilmalari yordamida oʻtkazish uchun 2024–2026-yillarda zarur texnik va dasturiy vositalarni Jahon bankining imtiyozli kredit mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda xarid qilinadi. Bunda Statistika agentligi mazkur ishlarni tashkil etishga masʼul hisoblanadi.

 

Kadastr agentligi esa 2025-yil 1-iyulga qadar aholi punktlari va koʻchalar nom belgilarini oʻrnatish, xonadon va uylarni toʻliq raqamlash ishlarini yakuniga yetkazilishini taʼminlaydi. Shuningdek, farmonda agentlik 2025-yil 1-noyabrga qadar aholini roʻyxatga olish uchun zarur boʻlgan miqdorda kartografik materiallar (shahar va qishloq aholi punktlarining yangilangan sxematik rejalari va xaritalari) bilan toʻliq taʼminlashi lozimligi belgilab qoʻyilgan.

 

2025-yil 1-sentyabrga qadar mahalliy hokimliklar hududlarning maʼmuriy-hududiy birliklari chegaralarining oʻzgarishi, toponomik obyektlarga nom berilishi va ularning nomlari oʻzgarishi boʻyicha tegishli maʼlumotlarni hududiy statistika organlariga oʻz vaqtida taqdim etib boriladi.

 

2026-yilda amalga oshiriladigan roʻyxatga olish jarayoni sabab Oliy Majlis palatalariga 2025-yil 1-sentyabrdan 2026-yil 1-sentyabrga qadar respublika boʻylab maʼmuriy-hududiy birliklarning chegaralarini oʻzgartirish, toponomik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish ishlarini vaqtincha toʻxtatib turish tavsiya etilmoqda.

 

Maʼlumot uchun, Prezidentning 2019-yil 5-fevraldagi farmoniga muvofiq, respublikada aholini roʻyxatga olish tadbirini 2022-yilda oʻtkazish belgilangan edi. 2020-yilning 16-martida esa “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Biroq 2020-yilda boshlangan koronavirus pandemiyasi sabab ushbu tadbirni oʻtkazish 2023-yilga qoldirilgan.

 

Shunday boʻlsa-da, 2023-yilda ham Oʻzbekistonda aholini roʻyxatga olish jarayoni amalga oshirilmadi.

 

Joriy yilning mart oyida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bilan tasdiqlangan “yoʻl xaritasi”da esa aholini roʻyxatga olish ishlarini 2025–2026-yillarda amalga oshirish belgilangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//