4 ta vazirlikda 160 nafar xodim tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgani maʼlum boʻldi

Saqlash
11:03 / 22.10.2024 72 0

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vazirlik va idoralar, davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish holatlari yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazmoqda.

 

Agentlikning taqdim qilgan maʼlumotiga koʻra, yana 4 ta vazirlik va ularning tizim tashkilotlarida 160 nafar boshqaruv xodimi 170 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlangan.

 

Mazkur vazirliklar quyidagilar:

▪️ Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi — 72 nafar xodim – 79 ta tadbirkorlik;

▪️ Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi — 59 nafar xodim – 60 ta tadbirkorlik;

▪️ Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi — 22 nafar xodim – 23 ta tadbirkorlik;

▪️ Energetika vazirligi — 7 nafar xodim – 8 ta tadbirkorlik.

 

Yuqoridagi holat boʻyicha ushbu vazirliklarga Agentlikning taqdimnomalari kiritilgan boʻlib, oʻz navbatida qonun buzilishi bartaraf etilmoqda.

 

Jumladan, vazirliklar tomonidan taqdimnomalar tanqidiy muhokama qilingan holda tadbirkorlik subyektlarida taʼsischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilgan.

 

Bundan oldin 3 ta vazirlik — Transport, Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Madaniyat vazirliklari ham tekshiruvdan oʻtkazilgan edi. Yakunda umumiy hisobda 107 nafar boshqaruv xodimi 116 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi maʼlum boʻlgan.

 

Banklar boʻyicha tashkil etilgan nazorat tadbirlarida esa 148 nafar boshqaruv xodimi 155 ta tadbirkorlik subyektining taʼsischisi ekani oydinlashgan. Ular boʻyicha ham qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrilgan.

 

Maʼlumot uchun, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunlarda davlat fuqarolik xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//