“Hozir ekologiya xuddi raqamli texnologiyalarday dolzarb” – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
20:27 / 21.10.2024 258 0

Shavkat Mirziyoyev bugun, 21-oktyabr kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti – Green University'ga tashrif buyurdi.

 

Maʼlumot uchun, ushbu oliy taʼlim muassasasi Prezidentning 2023-yil 31-maydagi qarori asosida tashkil etilgan boʻlib, u ekologiya sohasidagi yaxlit oliy taʼlim dargohi hisoblanadi.

 

Universitetda talabalar atrof-muhit va barqaror boshqaruv, atrof-muhit va iqtisodiyot, ekologiya va davlat boshqaruvi, barqaror rivojlanish, barqaror moliya, ekologiya huquqi, atrof-muhit sohasida ommaviy kommunikatsiyalar yoʻnalishlarida saboq oladi. Oʻquv jarayoni “Hub and Spoke” tamoyili asosida tashkil qilingan.

 

Taʼlim ingliz tilida olib boriladi. Buning uchun esa AQSh, Buyuk Britaniya, Meksika va Fransiyadan chet ellik oʻqituvchilar ham jalb etilgan.

 

Universitetda xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan akademik va kasbiy tajriba almashish ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, oʻquv dasturlari hamkorlikda, “fan-taʼlim-ishlab chiqarish integratsiyasi” tamoyili asosida ishlab chiqilgan.

 

Prezident universitet mutaxassislari va talabalari bilan suhbatlashish davomida nazariy bilimlarni tezroq amaliyotda sinab koʻrish zarurligini taʼkidladi.

 

“Hozir ekologiya xuddi raqamli texnologiyalarday dolzarb. Kelajakda hamma soha atrof-muhit bilan hamohang boʻladi. Shuning uchun bu yerda ekologik iqtisodiyot, moliya, huquq kabi yoʻnalishlar tashkil etildi. Endi dual taʼlimni kengaytirib, bu yerdagi bilimlarni tezroq joylarda tatbiq qilish kerak”.

 

Prezident, shuningdek, yer, suv, bioxilma-xillik va chiqindi namunalari har xil muhitda tekshirilib, ilmiy xulosalar beriladigan universitet laboratoriyasini ham koʻzdan kechirdi. Undan yetarlicha foydalanish kerakligi haqida gapirdi.

 

“Bu yerda ilmiy salohiyat bor, zarur uskunalar bor. Bundan samarali foydalanish kerak. Masalan, yer-suv sharoitlari ogʻir tumanlar boʻyicha shartnoma asosida tahlillar oʻtkazish mumkin. Bu ikki tomonlama manfaatli boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Xabarda keltirilishicha, Yunusobod tumanidagi hamda Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi sobiq kollejlar binolari taʼmirlanib, kampusga aylantirilishi rejalashtirilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad esa universitetning imkoniyatlarini kengaytirishdir.

 

Ekologiya sohasida quyi boʻgʻin kadrlarini tayyorlash maqsadida davlat rahbari mutasaddilarga Qoraqalpogʻiston va har bir viloyatda texnikumlar tashkil etish boʻyicha topshiriqlar ham berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//