“Milliy tiklanish” partiyasi davlat tilida ish yuritmagan rahbarlarga keskin chora koʻrishni taklif qildi

Saqlash
14:44 / 21.10.2024 330 0

16-oktyabr kuni Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot!” shiori ostidagi navbatdagi ommaviy tadbirida partiyaning 2025–2029-yillarga moʻljallangan Saylovoldi dasturi aholiga tanishtirildi.

 

Mazkur dastur bilan partiya aʼzolari tashqi yozuvlarni tartibga solishga qaratilgan “Tashqi yozuvlar toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish hamda “Davlat tili haqida”gi qonunni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish tashabbuslarni ilgari surayotganini maʼlum qilgan.

 

Eng asosiysi jihati, partiya davlat tilida ish yuritmagan rahbarlarga keskin choralar koʻrishni ham taklif qilmoqda.

 

Maʼlumot uchun, joriy yilning boshida tashkil etilgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yigʻilishida fraksiya rahbari Alisher Qodirov tashqi yozuvlar masalasini koʻtarib, Davlat tili va Reklama toʻgʻrisidagi qonunlarga butkul amal qilinmayotganni aytgan edi. Bunda Qodirov Raqobat qoʻmitasini ayblab, hech qanday munosabat bildirmayotganini taʼkidlagan.

 

“Mobil kompaniyalar, bank va soliq qoʻmitasi elektron xabarnomalari, notarial idoralarning hujjatlari ham Davlat tilida emas. Bu amaldagi qonunlarni qoʻpol ravishda buzishdan boshqa narsa emas. Buni eʼtiborsiz qoldirib boʻlmaydi, – degan edi fraksiya rahbari oʻshanda.

 

Raqobat qoʻmitasi vakili bu eʼtirozlar toʻgʻri ekanini qayd etib, buni qonunchilikda reklama berishda Davlat tilini buzganlik boʻyicha javobgarlik belgilanmagani bilan izohlagan.

 

Fraksiya aʼzosi Ilhom Abdullayev esa qoʻmita vakilining qonunchilikka qilgan eʼtirozini rad etgan va amaldagi normalarda javobgarlik aniq-tiniq belgilab qoʻyilganini aytgan.

 

“Bunga javobgar idora ishlamayapti yoki ishlashni xohlamayapti. Bu jarayonda Davlat tiliga, qadriyatlarimizga nisbatan munosabat ham oʻzgarmas ekan, biz xohlayotgan natijaga erishib boʻlmaydi, – degan Abdullayev yigʻilish davomida.

 

Endilikda ushbu tashabbuslar partiyaning Saylovoldi dasturida ham ilgari surilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//