Farg‘onalik o‘quvchi qiz Microsoft kompaniyasining O‘zbekistondagi ilk ambassadori bo‘ldi

Saqlash
19:49 / 17.10.2024 671 0

Farg‘ona viloyatida joylashgan 10-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Dilafruz Jo‘raboyeva Microsoft kompaniyasining yoshlarga mo‘ljallangan Microsoft Learn Student dasturi Ambassadori (elchisi) bo‘ldi. Bu haqda IT Ladies Uzbekistan xabar bermoqda.

 

Endilikda Dilafruz Microsoft kompaniyasining O‘zbekistondagi yuzi sifatida faoliyat olib boradi.

 

Ushbu dastur Microsoftning yoshlarga mo‘ljallangan loyihasi bo‘lib, u butun dunyo bo‘ylab texnologiya sohasida bilimli, faol va intiluvchan yoshlarini saralab oladi.

 

 

“Ushbu loyihaga topshirishim ham, kirishim ham oson kechmadi. Texnik tomondan bilimlarim yaxshi bo‘lgani uchun meni nominatsiyaga qo‘yishdi. 1 yil davomida kompaniya tomonidan berilgan turli shartlar va topshiriqlarni a’lo darajada bajarish talab etildi. Shulardan biri sun’iy intellekt texnologiyasi bo‘yicha berilgan 30 ta moduldan iborat dars va topshiriqlar bo‘ldi”, – deydi Dilafruz Jo‘raboyeva.

 

Ayni damda Dilafruz Yandex kompaniyasida ishlash uchun o‘qish va amaliyotga hujjat topshirgan. U sinovlardan so‘ng Yandex’ning katta loyihalariga qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Dilafruz Microsoft Developers Community Uzbekistan, Sado24, NET Documentation Uzbekistan kabi turli startup, ko‘plab hakaton musobaqalar ishtirokchisi. O‘quvchi qiz IT Community Uzbekistan’ning Farg‘ona vodiysi bo‘yicha ambassadori hamda “Ibrat” speaking klubining volontyori sifatida ham faoliyat olib boradi.

 

U O‘zbekistonda IT sohasida faoliyat yurituvchi 46 nafar eng yaxshi ayol-qizlar qatoridan joy olgan.

 

Microsoft Student Ambassadori bo‘lish nima degani?

 

Ushbu maqomga ega bo‘lgan talaba texnik va yetakchilik bo‘yicha treninglar, Microsoft’ning keng ta’lim resurslariga kirish va kelajakni yaratishga ishtiyoqi baland bo‘lgan yoshlarni birlashtirish imkoniga ega bo‘ladi.

 

Bundan tashqari ambassadorlar uchun Amerikaga viza olish va sayohat qilish qilish imkoniyati yaratiladi. Talabalar tomonidan tashil qilinuvchi yoshlar tadbirlari kompaniya tarafidan moliyalashtiriladi. Elchiga Microsoftning barcha mahsulotlari premium darajasida bepul taqdim etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//