Vengriyada Oʻzbekistonga bagʻishlangan birinchi madaniy yodgorlik ochildi

Saqlash
09:23 / 15.10.2024 265 0

14-oktyabr kuni Oʻzbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Vengriyaning Lakitelek shahrida Mir Alisher Navoiyga bagʻishlab oʻrnatilgan byustning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

 

Tadbirda Oʻzbekiston madaniyat vaziri birinchi oʻrinbosari Avazxon Tojixonov, mamlakat elchisi Oybek Shaxavdinov, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti rektori Shuhrat Sirojiddinov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ilyos Arabov va boshqalar ishtirok etgan.

 

Vengriya tomonidan ham 100 dan ortiq mehmonlar, jumladan, davlat parlamenti spikeri oʻrinbosari Shandor Lejak, Tashqi ishlar va savdo vazirligining xavfsizlik siyosati boʻyicha davlat kotibi Piter Staray, Madaniyat va innovatsiyalar vazirligining madaniyat masalalari boʻyicha davlat kotibi Magdolna Zavogya hamda siyosiy, madaniy doira vakillari, olimlar, jurnalistlar, diplomatik korpus vakillari qatnashgan.

 

Maʼlumot uchun, mazkur loyiha haykaltarosh Dyordji Lantos tomonidan amalga oshirilgan boʻlib, u Oʻzbekistonga bagʻishlab Vengriyada ochilgan birinchi madaniy yodgorlik hisoblanadi.

 

Tadbir davomida Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi davlat kotibi Piter Staray Navoiy byustining Vengriyada oʻrnatilishi Bosh vazir Viktor Orban va Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻrtasidagi yaqin doʻstlik va birodarlik aloqalarining natijasi ekanlinini qayd etgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//