“Milliylik xususida besh saboq”, “O‘rgimchak inidan reportaj”, “Kichik xonimning katta urushi” – “Ma’naviy hayot” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
23:19 / 14.10.2024 1555 0

“Jumla tuzishda so‘zlarni o‘z o‘rniga qo‘ya olmaslik illati shu qadar keng tarqalib ketdiki, ayrimlar zamonaviy nashrlarni o‘qishdan bezib qoldi, teleradioni kuzatmay qo‘ydi. “Ochiqdan ochiq ayollarga diskriminatsiya”, “gijjalar bilan qanday uy sharoitida kurashish mumkin?” degan jumlalar va telba-teskari iboralar har narsani o‘qib-eshitishga intiladigan yosh avlodning tafakkurini buzishi butun jamiyat kelajagi uchun zarardir. Hozir ba’zilar tarjimai holini yo ta’tilga chiqish arizasini ham yoza olmasligi mana shunday – mayda ko‘ringan, lekin tomib-tomib ko‘l bo‘lgan illatlarning oqibati bo‘lsa kerak.” Ona tilimizga nisbatan kuzatilayotgan qusurlar haqida mulohaza yuritilgan Anvar Boboyevning “So‘zning tuzi nimada” maqolasi to‘liq matni bilan “Ma’naviy hayot” jurnalining 2024-yil 3-sonida tanishing.

 

“Olmon faylasufi F.Nisshe ijodining cho‘qqisiga chiqqan paytida o‘zi yetishib chiqqan butun g‘arb madaniyati, axloqi, dini va ma’naviy boyliklarini rad etib, ular o‘rniga yangi madaniyat, axloq, din, ma’naviyat yaratmoqchi bo‘ladi. Natijada umrining oxirgi o‘n yilini telbaxonada o‘tkazadi. Ibratli misol! Ma’naviyatli inson – yaratuvchan, yaratiqlarni asrovchi, hech bo‘lmaganda farzandi yoki nevarasiga ibrat bo‘lishni istashi kerak.” Jurnalning “Mulohaza” ruknida ma’naviyat va madaniyatning bazasi bo‘lib xizmat qiluvchi omillar haqida Viktor Alimasovning fikr-mulohazalari “Ma’naviyatning siri nimada” sarlavhasi ostida  e’lon qilingan.

 

“Parol so‘zi rus tili orqali lug‘atimizdan o‘rin olgan bo‘lib, ilgari harbiy terminologiyada keng ishlatilgan. Qadimda parol o‘zlashmasi bildirgan ma’no asl turkiycha im hamda o‘ron istilohlari ishtirokida anglashilgan. O‘zlashma atamaning ma’no-mazmunini e’tibordan qochirmagan holda uni ochqich so‘z birikmasi bilan almashtirish mumkin.”  “Eshiklar ochiq, lekin...” maqolasida ona tilimizga kirib kelayotgan hamda o‘zlashayotgan yangi (chet) so‘zlar va ularning bisotimizdagi muqobili haqida mutaxassislarning tavsiyalari bilan tanishasiz.

 

Jurnalning keyingi sahifalarida “Kelajak darvozasi” (Sanjar Toshbekov), “Oyga intilsang, yulduzlar orasida bo‘lasan” (Shahlo Turdiqulova), “Dilemma: mujodalami yo murosa” (Sobirjon Yoqubov), “Gul guldan rang oladi” (Rustam Tursunov) maqolalari, “Yoriq ko‘za bilan suvga bormang” (ekolog olim Xolmat Zokirov bilan) suhbati, “Maktab amma” (Bek Ali), “Quyosh hammamizni taniydi!” (Toshtemir Turdiyev) esselarini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “Jo‘natilmagan maktub” (Sobir O‘nar), “Qaltis savollarga nozik javoblar” (Hikmatillo Toshtemirov), “Uch yuz yillik yo‘l” (Bahodir Karim), “Hayotda ham, adabiyotda ham snayper…” (Gulnora Qo‘shjonova), “O‘yin ichida o‘yin” (Bayram Ali),  “O‘zbekiston va Shanxay hamkorlik tashkiloti” (Rahmatulla Nurimbetov) haqida so‘z boradi.

 

“Millatga, xalqqa, bashariyatga deyayotganim yo‘q, hech bo‘lmasa o‘zingizga o‘zingiz ibrat bo‘ling! “Najot ichingdadur” deydi-ku Rumiy. N.Berdyayev esa “O‘zingdan o‘zmay – ilgari ketmay komillikka yetmak yo‘q” degan. Ma’naviyat – mudom saboq. Saboq olish va saboq bo‘lish.”Ma’naviyatning siri nimada maqolasidan olingan bu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Ma’naviy hayot” bilan “saboq olish” va “saboq bo‘lishmissiyangizni tiniqlashtirib boring.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//