“Umra” tadbirlarini tashkil etishda yangi litsenziya talablari belgilandi

Saqlash
10:17 / 14.10.2024 220 0

“Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

 

Bundan maqsad “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish uchun litsenziya olish talablarini belgilash, ziyoratchilarga amallarni munosib va xavfsiz bajarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, sifatli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishini taʼminlashdir.

 

2024-yil 2-iyul kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilangan boʻlib, mazkur turdagi faoliyat uchun olinuvchi litsenziya yakka tartibdagi litsenziya turi hisoblanadi. Uni berish Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan qatʼiy tanlov asosida joriy yilning oktyabr oyidan boshlab amalga oshiriladi.

 

Quyida litsenziya olishga talabgor boʻlgan tomonning oldiga qoʻyiladigan talab va shartlar keltirilgan:

 

▪️ oʻz faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmasligi;

 

▪️ ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistoni Podshohligining faqat “Umra” vizasini rasmiylashtirishi;

 

▪️ 1 mln AQSh dollari miqdordagi mablagʻni “Ziyorat” jamgʻarmasiga zaxira sifatida qoʻyishi;

 

▪️ “Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot oʻrtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish hamda ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarni bank muassasalari orqali amalga oshirishi;

 

▪️ ziyoratchilarga Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida sifatli tibbiy xizmatlarni koʻrsatishni tashkil etish va qulay shart-sharoit yaratishi;

 

▪️ ziyoratchilarga guruh rahbari sifatida (Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida) diniy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassisni tayinlashi;

 

▪️ diniy taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim muassasasi yoki Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchisi boʻlgan kamida bir nafar mutaxassisni turfirma shtatiga ishga olgan boʻlishi;

 

▪️ voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat koʻrsatmasligi;

 

▪️ xalqaro yoʻnalishlarda yoʻlovchi va yuk tashish boʻyicha 2-yildan kam boʻlmagan tajribaga ega hamda ushbu davr mobaynida yoʻlovchi tashishning xalqaro va milliy qonunchilik talablarini buzmagan aviakompaniyalar bilan hamkorlik qilishi;

 

▪️ ziyoratchilarning borish-kelish aviachiptalarini oldindan xarid qilishi;

 

▪️ ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam boʻlmagan mehmonxonalarga joylashtirishi;

 

▪️ “Umra” xizmatini uchinchi davlatlar orqali koʻrsatmasligi;

 

▪️ “Umra” xizmatini litsenziyada koʻrsatilgan manzildan boshqa joyda joylashgan vakolatxona va filial orqali amalga oshirmasligi.

 

Maʼlumot uchun, hozirda litsenziyasiz faoliyat olib borganlik uchun bir qator maʼmuriy va jinoiy javobgarlik mavjud. Jumladan, bunday turdagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga BHMning 200 baravari (75 mln soʻm) miqdorida jarima solinadi.

 

Shuningdek, xabarda fuqarolardan “Umra” amallarini munosib va xavfsiz bajarishda ogoh boʻlishlari, turli koʻngilsiz holatlarga tushib qolmaslik uchun litsenziyaga ega ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishlari soʻraladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//