Paxta terimiga chiqmaganlarga bola puli berilmasligini aytgan mahalla raisi jarimaga tortildi

Saqlash
10:07 / 11.10.2024 286 0

Kuni kecha Qashqadaryo viloyatidagi mahallalardan birining raisi paxta terimiga chiqmaganlarga bola puli berilmasligi haqida aytgan gaplari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

 

Shundan soʻng Davlat mehnat inspeksiyasi holat yuzasidan oʻrganish oʻtkazgan.

 

Maʼlum boʻlishicha, audioyozuvda gapirgan shaxs Shahrisabz tumanidagi “Paxtakor” MFY raisi L.Oʻroqov boʻlib, u 2024-yil 9-oktyabr kuni Nushkent qishlogʻining “Nushkent birlashaylik” Telegram kanaliga ushbu ovozli xabarni yuborgan va shu orqali ishsiz fuqarolarni paxta yigʻim-terimiga chaqirmoqchi boʻlgan. Aholi vakillari ham aynan shu audio kanalga joylangach terimga chiqqan.

 

Holat yuzasidan berilgan xulosaga koʻra, L.Oʻroqovga nisbatan MjtKning 51-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (18 750 000 soʻm) miqdorida jarima qoʻllanilgan.

 

Maʼlumot uchun, Mehnat kodeksining 5-moddasiga asosan majburiy mehnat taqiqlangan boʻlib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

 

Agar xuddi shu harakat takroran yoki voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilsa, huquqbuzar Jinoyat kodeksining 148²-moddasiga asosan javobgarlikka tortiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//