Jamiyat
Tarmoqlarda Sardor gangster taxallusi bilan chiqishlar qilgan blogerning xotini qiz tugʻsa, farzandini chiqindiga tashlab yuborishini aytgan videosi tarqaldi. Bloger tanqidlarga uchraganidan soʻng uzr soʻradi. Unga xotin-qizlar qadr-qimmatini beodoblik bilan tahqirlagani uchun jinoyat ish ochildi.
TikTok va YouTube platformalarida Sardor gangster taxallusi bilan chiqishlar qilgan Sardor Safarboyevga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Sevimli telekanalining Zamon dasturida xabar berildi.
Bloger ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videosida qiz farzand koʻrmasligini, xotini qiz farzand tugʻsa, chiqindiga tashlashini aytgan.
“Men qiz farzand koʻrmayman. Agar qiz farzand koʻrsam, xotindan oldirib tashlayman. Qiz kerakmas. Xotin tuqqanidan shunday boraman, qizmi, chiqindi idishga otib yubor, deyman. Kerakmas. Men doʻzaxga kirsam ham oʻgʻil farzand tugʻdiraman. Meni zurriyotim oʻgʻil boʻlishi kerak”, — degan u oʻz videosida.
Yana bir videosida esa bloger bu gaplari uchun jamoatchilik tanqidiga uchraganini aytib, tiz choʻkib uzr soʻragan. Bundan keyin ijtimoiy tarmoqlarga kirmasligini taʻkidlagan.
Qashqadaryo viloyati IIB matbuot kotibi Iroda Rasulovaning bildirishicha, Sardor Safarboyev bu chiqishi bilan xotin-qizlar qadr-qimmatini beodoblik bilan tahqirlagan.
“Tarmoqlarda har kim istagan fikrini gapiradi, degani emas. Ulardan foydalanishning tartib, qoidalari bor. Qoidalarni buzgan fuqarolar qonuniy tartibda jazolanadi. Shuni unutmang, xotin-qizlar huquqlari davlat himoyasida”, — dedi u.
Holat yuzasidan blogerga nisbatan Nishon tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (Haqorat qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgatilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Agar sudda ayblov oʻz isbotini topsa, bloger BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda (75 mln soʻmdan 150 mln soʻmgacha) jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1-yildan 2-yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q