Oʻtirib ishlaydiganlarga qanday kasalliklar xavf soladi?

Saqlash
11:44 / 09.10.2024 312 0

Asosan kamharakatlik va jismoniy faollikning yetishmasligi sabab soʻnggi yillarda dunyo aholisi orasida suyak, tomir va boʻgʻim xastaliklari soni keskin ortib bormoqda.

 

Bugungi kunda koʻplab insonlar ish yoki oʻqish sababli asosiy vaqtini kompyuter qarshisida oʻtkazadi. Ularning nazdida tinch va osoyishta xonada xotirjam ishlash kasbiy xavf-xatarlardan xolidek tuyiladi.

 

Biroq bunday emas. Chunki mazkur sharoitda mehnat qilishning ham oʻziga yarasha muammolari bor. Ularning oldini olmaslik esa jiddiy kasalliklar kelib chiqishiga yetarlicha asos boʻladi.

 

Mutaxassislar oʻtirib ishlaydiganlarning sogʻligida kuzatiladigan oʻzgarishlarni “ofis xodimi sindromi” deb ataydi. Sindromga koʻra, ofis xodimlari bosh ogʻrigʻi, surunkali charchoq, koʻz achishishi yoki qizarishi, bel va boʻgʻim ogʻriqlari, qorin dam boʻlishi hamda oyoq uvishishidan aziyat chekadi.

 

Aynan xizmat taqozosi bilan bir joyda oʻtirib ishlash natijasida jismoniy faollik sust boʻlib qoladi va tanada qon aylanishi meʼyorida kechmaydi. Oqibatda esa insonda ortiqcha vazn va semizlik kelib chiqadi.

 

Shuningdek, harakatsiz holatda (koʻpincha engashib oʻtirish) uzoq vaqt oʻtirish boʻgʻimlar “qotib qolishi”ga olib keladi. Qon yetib kelishi toʻliq bajarilmagani bois oyoq uvishadi.

 

Shu bilan birga, mazkur holat bavosir tugunlarining hosil boʻlishi, kichik tos aʼzosi bezovtaliklari hamda vena qon tomirlarida varikoz kengayishiga sabab boʻladi.

 

Yana bir muammo – bu, quruq koʻzlar sindromi. U asosan uzoq vaqt bir joyda oʻtirib, kompyuter qarshisida ishlash tufayli yuzaga keladi. Natijada xodimning koʻzlari qizaradi (achishadi, yoshlanadi.).

 

Xoʻsh, muntazam oʻtirib ishlaydiganlar bunda nima qilishi kerak?

 

Mutaxassislar avvalo, xonada stol, stul va kompyuterning toʻgʻri joylashishiga eʼtibor berish kerak deydi. Bel va boʻyin ogʻriqlarining oldini olish uchun aynan kompyuter monitorini koʻzning tekisligida oʻrnatilishi muhim hisoblanadi. Shuningdek, stulning belga yordam beruvchi orqa qismiga ham ahamiyat berish lozim ekan.

 

Xodim ish vaqti davomida (imkon qadar har bir-ikki soatda) 5-10 daqiqalik tanaffus qilib turishi tavsiya etiladi. U bu paytda bir necha marotaba oʻtirib, turishi, gavdani yon tomonga harakatlantirishi, boshni soat mili boʻylab aylantirishi, lift oʻrniga zinadan foydalanishi kerak ekan. Shundagina kelib chiqishi mumkin boʻlgan muammolarning oldi olish mumkinligi aytiladi.

 

Bel ogʻriqlaridan himoyalanishda esa kursi suyanchigʻiga maxsus ortopedik yostiq oʻrnatish maqsadga muvofiq deb qaraladi. Hatto bunday yostiqlar bavosir bilan ogʻrigan kishilar uchun ham tavsiya etiladi.

 

Shifokorlar har ikki soatda boʻyin mushaklari uchun mashq bajarilishi boʻyin osteoxondrozining profilaktikasi boʻlishi mumkinligini taʼkidlaydi. Ayniqsa, ensa va kurak sohasida ogʻriq, uvishish kuzatilganida bunday mashqlar yaxshi foyda berar ekan.

 

Maʼlum boʻlishicha, tizza boʻgʻimlarining bir xil bukilgan yoki yozilgan holatda koʻp qolib ketishi oqibatida uning drenaj funksiyasi, oziqlanishi buziladi. Natijada, artroz-boʻgʻim kasalligi kelib chiqadi. Shu bois oyoqlar holatini almashtirib turish, oʻtirgan holda velosiped harakatlarini oldinga va orqaga bajarish, chuqur nafas chiqarib oʻtirish va chuqur nafas olgan holda turish mashqlarini bajarish kerak va bu samara beradi.

 

Albatta quruq koʻzlar sindromi kelib chiqmasligi uchun ham shifokorlar oʻz maslahatlarini berib oʻtgan. Bunda koʻzlarni oʻng, chap, tepa va pastga harakatlantirish, tez-tez yumib, ochish foydali ekan. Har 20 daqiqada tanaffus qilib, 20 soniya 6 metrlik masofaga qarab turishi ham koʻzlar charchab qolmasligiga yordam beradi. Xullas, har qanday holatda ham kompyuter qarshisida uzoq vaqt oʻtirish tavsiya etilmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//