Samarqand MDHning madaniy poytaxti boʻladi

Saqlash
22:37 / 08.10.2024 291 0

Shavkat Mirziyoyev bugun, 8-oktyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

 

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida oʻtgan sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, shuningdek, MDH bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.

 

Kun tartibiga muvofiq, majlisda koʻp qirrali munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan hamda MDH doirasidagi amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilingan

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz nutqida MDH mamlakatlarining xavfsizligi va barqaror rivojlanishini taʼminlash bilan bogʻliq vaziyatga eʼtibor qaratilishini, MDH mamlakatlari maxsus xizmatlari va vakolatli idoralarining tizimli hamkorligini yoʻlga qoʻyish, bugungi tahdidlarga qarshi kurashish usullarini takomillashtirish, kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasida kelishilgan choralar hamda dasturiy hujjatlarni qabul qilish muhimligini taʼkidlab oʻtdi.

 

Shu bilan birga, davlat rahbari MDH mamlakatlari ekspertlari va tahlilchilarining uchrashuvlarini muntazam oʻtkazish hamda navbatdagi konferensiyani Samarqand shahrida sunʼiy intellektni rivojlantirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazish taklifini ilgari surdi.

 

Bundan tashqari, gumanitar almashinuvlarni kengaytirish maqsadida Hamdoʻstlik davlatlari madaniyati kunlarini oʻtkazish taklifi ham berildi.

 

Shu qatorda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sogʻliqni saqlash, taʼlim, sanʼat, kino, turizm va sport sohalarida qoʻshma tadbirlar dasturini har yili tayyorlash zarurligi urgʻulandi.

 

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Samarqand va Toshkentni tegishlicha Hamdoʻstlikning madaniy poytaxti va yoshlar poytaxti deb eʼlon qilinishi doirasida qator loyihalar amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

 

Majlis yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonni 2025-yilda tashkilotga raislikni qabul qilgani bilan tabrikladi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//