Jamiyat
Semizlik koʻplab xavfli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omil sanaladi. Mutaxassislar ortiqcha vazn yuzaga kelishiga asosan nosogʻlom turmush tarzi, jumladan, notoʻgʻri ovqatlanish sabab boʻlishini taʼkidlaydi.
Bu borada Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining alohida tavsiyalari ham bor.
Jumladan, JSST mutaxassislari kundalik yogʻ isteʼmoli kattalar ratsionidan joy olgan mahsulotlar umumiy quvvatining 30 foizidan oshmasligi zarur deb hisoblaydi.
Bunda 10 foizgacha qismi toʻyingan yogʻli kislotalar boʻlishi kerak (ular asosan yogʻli goʻsht, sut mahsulotlari, qatiq, sariyogʻ va boshqa turdagi yogʻlar tarkibida boʻladi).
Shuningdek, koʻpi bilan 1 foiz qismini sanoat yoʻli bilan ishlab chiqarilgan transyogʻlar va hayvon yogʻlari tashkil qilishi lozim.
Bundan tashqari, mutaxassislar shakar isteʼmolini cheklash ham sogʻlik uchun juda foydaliligini taʼkidlaydi. Ular bu mahsulotning kunlik meʼyorini 25-30 grammdan oshirmaslikni (shirinlik va boshqa ozuqa mahsulotlari tarkibidagi ham hisobga olingan), uning oʻrniga sifatli uglevodlarni isteʼmol qilishni maslahat beradi.
“Har bir inson oʻz organizmi uchun zarur uglevodlarni, birinchi navbatda, don, sabzavot, meva va dukkakli mahsulotlardan olishi kerak”, deyiladi maʼlumotda.
Xabarda yozilishicha, kattalar kuniga kamida 400 gramm meva-sabzavot tanovul qilishi maqsadga muvofiq ekan. Bu meʼyor bolalar va oʻsmirlarning yoshiga qarab farq qiladi.
Masalan, ularda kunlik meva-sabzavotlar isteʼmoli miqdori quyidagicha:
▪️ 2-5 yosh — kamida 250 gramm;
▪️ 6-9 yosh — kamida 350 gramm;
▪️ 10 yosh va undan kattalar — kamida 400 gramm.
Aynan kunlik yeyiladigan ovqat miqdori va sifatini nazorat qilish semizlik kasaliga chalinmaslikning eng samarali tadbiridir.
Maʼlumot uchun, JSST 2030-yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semizlikdan aziyat chekishini prognoz qilgan. Olimlarning fikricha, bu global muammoga sogʻlom turmush tarzi orqali samarali yechim topish mumkin.
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q