“Idrokning og‘ish nuqtasi”, “Bilimdon kerakmi yo toparmon?”, “Neoimperializm: mustaqillikka yangi tahdidlar” haqida “Tafakkur” jurnalining yangi sonida o‘qing

Saqlash
21:58 / 03.10.2024 1097 0

Jamiyat ravnaqida iqtisod muhim o‘rin tutishini inkor etib bo‘lmaydi. Cho‘ntagingizda pulingiz bo‘lmasa, durust kiyinolmaysiz, bolalaringizni o‘qitolmaysiz, ularga kitob olib berolmaysiz (o‘zi bolalarimizga kitob olib berayapmizmi?). Toparmоn-tutarmоn bo‘lsangiz hayotingiz to‘kis, farovon kechadi. Ammo gap faqat moddiy ne’matlarda emas-da. Yon-atrofimizda moddiy jihatdan boy-u, manan qashshoq odamlar kammi? Hashamatli uylarda yashab, qimmatbaho mashinalarda yuradigan, to‘y uchun million-million sarflaydigan, ammo kasalmand qo‘shnisiga bittagina dori olib berishga yaramayotgan kimsalar yo‘qmi?..” “Bir yon ma’siyat, bir yon ma’sumiyat” suhbatida ideal jamiyat, loqaydlik kayfiyatidagi zamondoshlar va ma’naviy iroda haqida so‘z boradi. Siyosiy fanlar doktori, professor Narzulla Jo‘rayev bilan bo‘lgan suhbatning to‘liq matnini “Tafakkur” jurnalining 2024-yil 3-sonida o‘qing.

 

“Mamlakatimiz ravnaqi uchun ham mukammal o‘quv adabiyotlari suv bilan havodek zarur. O‘zbekistonlik talabalarning darsliklar xalqaro standartdan yiroq ekani, amaliyot bilan mustahkam bog‘lanmgani xususidagi e’tirozlariga ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Oliy ta’limdagi ustozlar imkon qadar harakat qilayotgani aniq, ularning fidokorona mehnatini qadrlamaslik insofdan emas. Biroq mamlakat ilm-faniga ichkaridan turib qarash bilan Tokio kabi global shahardan turib nazar solmoq katta farq qiladi. Darsliklarimizning global standartlardan qay darajada ortda ekanini, ayniqsa, chet elda magistratura yoki doktorlik bosqichida tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz yaxshi biladi.” Yaponiyaning Nagoya Iqtisodiyot universiteti professori, o‘zbek farzandi Alisher Umirdinov “Dunyoni o‘zbekcha ko‘rmak orzusi” maqolasida O‘zbekiston va jahon ta’lim tizimi borasidagi fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashadi.

 

“Insonning taxayyuli sarkash, uni turli tomonlarga itqitadi. Binobarin, hayotda hamma yiqilganlar ham turmoqqa kuch topa olmaydi va barini taqdir hukmiga yo‘yib qo‘yaqoladi. Dangaliga aytsak, ko‘pchiligimiz bu yorug‘ dunyoda nima qilayotganimizni anglamaymiz, bilmaymiz. Kamina uchun savolning javobi oddiy: atrofdagilarga (tabiat, odamlar) bee’tibor, loqayd bo‘lmaslik, o‘zaro ko‘makka intilish, har daqiqa mehnat, ijod-la band bo‘lish, sabr-qanoatning etagidan tutish, mudom ishonch va e’tiqodga suyanish.” Jurnalning “Ma’no va mohiyat” ruknida siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Abror Yusupovning “Idrokning og‘ish nuqtasi” maqolasini o‘qiysiz.

 

Jurnalning keyingi sahifalaridan “Qullik qasirg‘asi”, “Inson atalmish sinoat”, “General Jo‘rabekning qotili kim?” maqolalari, “Loqaydlik muztog‘lari” suhbati, “Susambil” hikoyasi hamda “Orzular ushalguvchi manzil” mutolaasi, “Aql bilan mehnat salomat bo‘lsa...” essesi o‘rin olgan. Jurnalning talqin va tadqiqotlar ruknida “Millat qanday tarbiyalanadi?”, “E’tiqod qo‘rg‘oni”, “Texnika taraqqiyoti: zavol va kamol”, “Virtual dunyo saboqlari”, “Olti asrlik jumboq” maqolalari e’lon qilingan.

 

“Mohiyat jilolari” ruknida “Temiryo‘ldan so‘z tergan yo‘lovchi” sarlavhasi ostida dramaturg Sharof Boshbekovning hikmatlarini o‘qiysiz. Jumladan, “O‘quvchi didsizligiga yozuvchigina emas, muhit ham aybdor” fikri keltirilgan. Jurnalning ushbu soniga xulosa o‘rnida aytmoqchi bo‘lganimiz: “Tafakkur”ni o‘qing, didingizni o‘stiring, muhitingizni o‘zingiz yarating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//