Yangiyo‘l tumanida 30 dan ortiq kobra ilonlari ochiqqa qo‘yib yuborilgan

Saqlash
21:24 / 03.10.2024 551 0

2-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanining Tuyabo‘g‘iz qishlog‘ida fuqaro xonadonida saqlangan bir qancha kobra ilonlar ochiqqa qo‘yib yuborilgani aytilgan xabarlar tarqaldi.

 

Tarmoqlardagi videolarda ilonlar ko‘cha-ko‘ydan va odamlarning uylaridan ushlanayotganini ko‘rish mumkin.

 

Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasining ma’lum qilishicha, 40 yoshli N.Yu. o‘zi yashayotgan xonadonida 30 dan ortiq “Osiyo kobra” ilonlarini tegishli ruxsatnomalarsiz saqlab kelgan. Noma’lum sabablarga ko‘ra, u ilonlarni ochiqqa qo‘yib yuborgan. Holat mahalliy aholi tomonidan aniqlanib, xususan, 2 ta ilon tutib o‘ldirilgan.

 

Hozirda mazkur holat bo‘yicha tuman Ekologiya bo‘limi, IIB, FVB, SES, Obodonlashtirish, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi hamda mahalla vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan.

 

 

Ular yaqin atrofda yashovchi aholi xonadonlarida dorilash ishlarini olib bormoqda. Fuqarolarga uy hayvonlarini vaqtincha tutqunlikda saqlab turish tavsiya qilingan.

 

Fuqaroga nisbatan IIB xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//