Issiqko‘ldagi to‘rtta pansionat O‘zbekiston ixtiyoriga qaytarildi

Saqlash
14:53 / 03.10.2024 293 0

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston hukumati bilan Issiqko‘ldagi kurort va dam olish maskanlari to‘g‘risidagi kelishuvni tasdiqladi. Bitim Sadir Japarovning 2024-yil iyul oyidagi O‘zbekistonga tashrifi doirasida imzolangan edi. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi ushbu kelishuvni 23-sentyabrda ratifikatsiya qildi.

 

Hujjatga ko‘ra, Issiqko‘l sohilidagi avval O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan quyidagi to‘rtta pansionat o‘zbekistonlik investorlarga 49 yilga ijaraga beriladi:

 

“Dilorom” — “Asakabank”ka;

 

“Oltin qumlar” — Toshkent mexanika zavodiga;

 

“Rohat” — “O‘zmilliybank”ka;

 

Qurilishi tugallanmagan “Bo‘ston” majmuasi — “O‘zsanoatqurilishbank”ka.

 

Investorlar obyektlarni 3−4 yulduz darajasida rekonstruksiya qilishi, shuningdek, xodimlarining kamida 80 foizi Qirg‘iziston fuqarolaridan iborat bo‘lishi kerak. Har bir obyekt uchun taxminiy investitsiya miqdori 15−20 million dollarni tashkil etadi.

 

Bitimning bajarilishi uchun javobgarlik Davlat aktivlarini boshqarish agentligi zimmasiga yuklanadi. Tashqi ishlar vazirligiga Qirg‘iziston hukumatiga shartnomaning kuchga kirishi uchun tartib-taomillarning bajarilishi to‘g‘risida bildirishnoma yuborish topshirildi.

 

Ushbu to‘rt pansionat 2016-yilga qadar O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan. 2016-yilda Qirg‘iziston tomoni ularni milliylashtirgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston holat yuzasidan AQSHdagi xalqaro arbitrajga da’vo arizasi bergan. Toshkent qirg‘iz tomonini sobiq SSSR davlatlari o‘rtasida ittifoq parchalanganidan keyin boshqa respublika hududida qolib ketgan obyektlardan foydalanish bo‘yicha 1992-yilda imzolangan kelishuvni buzgan, deb hisoblagan.

 

2023-yilda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning Qirg‘izistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi “Enesay” (sobiq “Dilorom”) pansionatiga tashrif buyurib, uni ko‘zdan kechirdi. “Dilorom”, “Oltin qum” va “Rohat” pansionatlari investorlar ixtiyoriga berish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//