Siyosat
O‘zbekistonda turoperatorlarga xorijiy mamlakatlardan respublikaga turistlarni olib kelish bilan bog‘liq xarajatlarini moliyalashtirish uchun aylanma mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida 25 milliard so‘mgacha kreditlar beriladi. Bu haqda hukumat qarorida belgilandi.
2024-yil 1-sentyabrdan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan respublika tijorat banklari orqali rezident bo‘lgan va kirish turizmi faoliyatini amalga oshiruvchi turoperatorlarni aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun yillik 14 foiz stavka bo‘yicha milliy valyutada 50 million dollar miqdorida kredit liniyasi ochilgan.
Bunda yillik foiz stavkasining 3 foizdan oshmaydigan miqdorda bank marjasi belgilanadi, kredit mablag‘lari esa turoperatorlarga 10 yil muddatga ikki yillik imtiyozli davr (foizlar va asosiy qarz bo‘yicha) bilan ajratiladi.
Turoperatorlarga kreditlar tijorat banklari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etiladi.
Kreditlar bir xo‘jalik yurituvchi subyektga aylanma mablag‘larni shakllantirish uchun 25 milliard so‘mgacha miqdorda ajratiladi. Maqsadli kredit berish shartlari turoperator faoliyatini 1 yildan ortiq amalga oshirish va kamida 15 foiz miqdorda o‘z mablag‘larini jalb qilish imkoniyati (shu jumladan bino va inshootlar ko‘rinishida) hisoblanadi.
Ajratilgan kreditlarning samarali va maqsadli foydalanilishini ta’minlash uchun turoperatorlar quyidagilarni ko‘paytirish bo‘yicha majburiyat oladi:
xizmat ko‘rsatilayotgan xorijiy sayyohlar sonini kamida 25 foizga;
turistik xizmatlardan olinadigan daromadlarni kamida 25 foizga.
Ajratilgan kreditlarni quyidagilarga sarflashga yo‘l qo‘yilmaydi:
ilgari olingan kreditlar yoki boshqa qarzlarni qaytarishga;
alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishga;
ishlab chiqarish (xizmat) maqsadlarida foydalanilmaydigan shaxsiy mulkni (mebel, mobil telefon, maishiy texnika va h.k.) sotib olishga;
avtotransport vositalarini (qiymati kredit summasining 40 foizgacha bo‘lgan, 8 va undan ortiq kishi sig‘adigan yengil avtomobillarni sotib olish bundan mustasno) sotib olishga;
ma’muriy xarajatlarni, shu jumladan xizmat avtomobillarini to‘xtash joyiga qo‘yishni qoplashga;
bino va inshootlarni sotib olish va qurishga.
Hujjat 2024-yil 30-sentyabrdan kuchga kirgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q