Davron Kabulovning otasiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Saqlash
16:11 / 02.10.2024 902 0

Davron Kabulovning otasi Ravshan Kabulovga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqida Bosh prokuratura Axborot xizmati maʼlum qildi.

 

Xabarga koʻra, 2023-yil dekabr oyida ishchi guruh tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirida Ravshan Kabulov rahbarlik qilayotgan Yakkasaroy tumanida joylashgan mehmonxona 4 ta isitish qozonini 2022-yil 24-fevraldan 2023-yil 18-oktyabrga qadar boʻlgan vaqt oraligʻida, umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulab olib, tuman gaz taʼminoti idorasi bilan shartnoma tuzmay, gaz hisoblagichni gaz idorasidan roʻyxatdan oʻtkazmasdan va alohida hisob-raqam ochmasdan, gaz hisoblagichga oʻrnatilgan tamgʻani gazdan noqonuniy foydalanish maqsadida tashqi taʼsir aralashuvida uzishga erishib, jami 907.558 kub metr miqdoridagi 344 mln 872 ming soʻmlik tabiiy gazdan yashirin ravishda foydalanib kelib, juda koʻp miqdordagi tabiiy gazni yashirin ravishda talon-toroj qilganligi aniqlangan.

 

Mazkur holat yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan Yakkasaroy tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilib, 2023-yil 22-dekabr kuni R.Kabulovga Jinoyat kodeksining 169-moddasi (Oʻgʻrilik) 4-qismi “a” bandi bilan ayb eʼlon qilingan va jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan.

 

Jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudining 2024-yil 27-martdagi hukmiga koʻra, R.Kabulov Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va Jinoyat kodeksining 72-moddasi qoʻllanilib, shartli ravishda 1 yil sinov muddati belgilangan.

 

Jinoyat ishi doirasida aniqlangan 344 mln 872 ming soʻmlik moddiy zarar “Hududgaz Poytaxt” gaz taʼminoti filiali foydasiga undirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//