Jamiyat
Ayni vaqtda Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ustoz va murabbiylar bilan muloqot oʻtkazmoqda.
Tadbir boshida alohida oʻrnak koʻrsatgan taʼlim sohasi xodimlarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda Prezident mamlakatimizning barcha taʼlim-tarbiya xodimlarini “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni“ bilan samimiy muborakbod etdi:
Assalomu alaykum,
Muhtaram yurtdoshlar!
Hurmatli ustoz va murabbiylar!
Avvalo, siz, azizlar bilan – qalbimga eng yaqin, olijanob insonlar bilan mana shunday qutlugʻ ayyomda, bayramona kayfiyatda koʻrishib turganimdan baxtiyorman.
Sizlarni, sizlarning timsolingizda mamlakatimizning barcha taʼlim-tarbiya xodimlarini Oʻqituvchi va murabbiylar kuni – umumxalq bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Mana shunday quvonchli kunda barcha shogirdlaringiz, koʻpmillatli xalqimiz nomidan sizlarga yuksak hurmat-ehtiromimizni, ezgu tilaklarimizni bildirib, chuqur minnatdorchilik izhor etaman.
Biz ustozni otadek ulugʻ deb bilgan, uni hamisha boshiga koʻtarib eʼzozlagan buyuk, maʼrifatparvar xalqning vakillarimiz.
Tariximizdagi qaysi mashhur ajdodimizni olmaylik, ularning barchasi ustozlarga yuksak ehtirom bilan qaraganlariga guvoh boʻlamiz.
Ustozini, muallimini eʼzozlagan jamiyat albatta ravnaq topadi, gullab-yashnaydi.
Oʻqituvchisining qadr-qimmati baland boʻlgan xalqning obroʻ-eʼtibori yuksak boʻladi.
Hayotda har bir ezgulik, har bir kashfiyot va yutuqning zamirida oʻqituvchining mehnati, bardoshi va mehr-muhabbati mujassam.
Shu bois, har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijaga erishgan boʻlsak, bu yutuqlarda aziz ustozlarimizning beqiyos hissasi borligini doimo minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz.
Taʼlim – sohalar ichida eng dolzarbi, maktab – eng muhimi boʻlsa, oʻqituvchilik kasblar orasida eng ulugʻidir.
Shaxsan men oʻqituvchi deganda – oʻzim uchun aziz va qadrli boʻlgan zotlarni, yuz-koʻzidan nur yogʻilib turadigan moʻtabar insonlarni tasavvur qilaman.
Samimiy va mehribon, shu bilan birga, talabchan ustozlarimni, ularning darslari, hayotiy saboqlarini hamisha sogʻinaman.
Jamiyatimizdagi eng jonkuyar, vatanparvar, xalqparvar insonlar, zamonamizning eng ilgʻor kishilari – bu avvalo ustoz va muallimlardir.
Shu sababli xalqimiz oʻzining eng katta boyligini – farzandlari tarbiyasini sizlarga ishonib topshiradi.
Hayot maʼnosi, oʻzgarishlar mazmunini chuqur anglab, boshqalarga tushuntiradigan, odamlarni ezgulikka, yangi marralarga ruhlantiradigan ham siz, muhtaram ustozlardir.
Barchamiz yaxshi bilamiz, insonning ongi, dunyoqarashi oʻzgarmasa, jamiyat oʻzgarmaydi. Jamiyat oʻzgarmasa, taraqqiyot ham boʻlmaydi.
Lekin odamlarning tafakkurini, shu asosda butun jamiyatni kim oʻzgartira oladi?
Yangi Oʻzbekistonning yangi Beruniylari, yangi Xorazmiylari, ibn Sinolari, Fargʻoniylarini kim kamolga yetkazadi?
Albatta, bunday ezgu va ulugʻvor vazifani, tom maʼnodagi tarixiy missiyani ado etishga faqat siz – ustoz va murabbiylar qodirsiz.
Bugun azamat yoshlarimiz jahon maydonlarida oʻz kuchi va bilimi, isteʼdodi bilan ulkan marralarni qoʻlga kiritayotganini koʻrib, quvonib turibmiz.
Bu gʻalabalar avvalo ustoz-murabbiylarning fidokorona mehnati samarasi, desak, toʻgʻri boʻladi.
Shu bois sizlarning shaʼningizga, muhtaram ustozlarimiz shaʼniga qancha yaxshi gaplarni aytsak, goʻzal taʼriflar bildirsak, qanday ezgu tilaklarni yoʻllasak, oʻylaymanki, bu ham adolatli haqiqat boʻladi.
Hammangizga yaxshi maʼlum – bugungi kunda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarimiz inson qadri, uning huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilmoqda.
Bosh maqsadi yangi zamon kishisini, Yangi Oʻzbekiston yoshlarini tarbiyalash boʻlgan taʼlim va tarbiya sohasi uchun bu vazifa alohida ahamiyat kasb etadi.
Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, bilimli va bunyodkor avlodni kim tarbiyalaydi?
Albatta, sizlar – zahmatkash va jonkuyar ustozlar.
Buning uchun avvalo oʻqituvchining oʻzi huquqiy, ijtimoiy va moliyaviy tomondan himoya qilingan va yetarli taʼminlangan boʻlishi kerak.
Shundagina u oʻzining chinakam insoniy va kasbiy fazilatlarini amalda namoyon qila oladi.
Yangilangan Konstitutsiyamizda dunyodagi moʻtabar shaxs – oʻqituvchi maqomini alohida mustahkamlash, bu kasbni jamiyatdagi eng obroʻli ishga aylantirish mening necha yillik orzuyim, kerak boʻlsa, armonim edi.
Chunki oʻzim ham koʻp yillar shu sohada ishlaganman. Oʻqituvchi mehnati qanchalik ogʻir va mashaqqatli ekanini yaxshi bilaman.
Afsuski, ana shunday sharafli va olijanob kasb egalariga biz yaqin oʻtmishda yetarlicha hurmat va eʼtibor qarata olmadik.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q