Jamiyat
Zargarlik sanoatida maʼlum bir mahsulotlar importi uchun olinadigan litsenziya talabi bekor qilinadi
Joriy yilning oktyabr oyidan boshlab zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlarini import qilishda maxsus turdagi tovarlar importi uchun litsenziya olish talabi bekor qilinadi.
Shuningdek, Oʻzbekiston hududiga olib kiriladigan va zargarlik sanoatida ishlatiladigan ligatura mahsulotlari bojxona bojidan ozod etiladi.
Ushbu tartib 2024-yilning 1-oktyabridan 2027-yilning 1-oktyabrigacha amal qiladi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza faoliyati samaradorligi yanada oshiriladi
Ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalar(TIEK)tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanadi.
Bundan tashqari, TIEK xodimlarini ular faoliyati samaradorligining eng muhim koʻrsatkichlari (KPI) bajarilishidan kelib chiqib ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlarning vazifalari va shtat birliklari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlarga oʻtkazgan holda tugatiladi.
Joylardagi TIEKlarga pediatr, psixiatr, ftiziatr shtatlari ajratiladi.
Davlat xaridlari tizimida jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi
Bunda Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va ushbu tizimda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida davlat buyurtmachilari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar ular tuzilishidan oldin kamida 1 ish kuni, shuningdek, tender savdolari natijalariga koʻra rasmiylashtirilgan bayonnomalar davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirish orqali kamida 2 ish kuni davomida jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston hududiga tovuq goʻshtini olib kirishda berilgan bojxona imtiyozi bekor qilinadi
1-oktyabrdan yangi soʻyilgan, sovitilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi goʻshti va qoʻshimcha ozuqabop mahsulotlarini (butun goʻsht, qanot, bel, boʻyin, okorochok, golen, son, qiyma va teri) Oʻzbekiston hududiga olib kirishda belgilangan bojxona boji boʻyicha berilgan imtiyoz bekor qilinadi.
Tazyiqdan jabrlangan shaxslar uchun birlamchi koʻmak xonalari tashkil qilinadi
Respublikaning barcha hududlarida tazyiqdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida, shoshilinch qabul boʻlimlarida tun-u kun ishlaydigan birlamchi koʻmak xonalari tashkil etiladi.
Shu bilan birga, himoya orderi berilgan har bir holatda tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxsning zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturi “Inson” markazlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Qurilishi tugallangan obyektlar elektron platforma orqali roʻyxatdan oʻtkaziladi
Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilgan holda, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasi orqali rasmiylashtiriladi.
Xavflilik darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi
Ishlab chiqarilgan va chetdan olib kiriladigan xavflilik darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi joriy etiladi.
Bunda respublika hududiga olib kirilayotgan mahsulotlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma bojxona hududiga kelishidan avval “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga va Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga import qiluvchi tomonidan joylashtirilishi shart.
Modulli mehmonxona qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratiladi
Subsidiya 2024-yil 1-oktyabrdan 2026-yil 1-noyabrgacha muvofiqlik sertifikati berilgan, yangi tashkil etilgan hamda kamida 10 ta moduldan iborat boʻlgan modulli mehmonxona uchun uning toifasidan qatʼi nazar ajratiladi.
Subsidiya modulli mehmonxonada yaratilgan har bir joy uchun 1 mln soʻmdan belgilanadi.
Subsidiya olish uchun tadbirkor davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXP orqali Turizm qoʻmitasiga belgilangan shaklda ariza bilan murojaat qiladi.
Xotin-qizlar muammolarini hal etish yuzasidan monitoring ishga tushiradi
Shu yilning oktyabr oyidan “Xotin-qizlar.uz” platformasi doirasida Xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va tizimli hal etish moduli (Muammolarni oʻrganish moduli) ishga tushiriladi.
Ushbu modul orqali doimiy ravishda kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash, xotin-qizlarning muammolarini hal etish yuzasidan monitoring yuritiladi.
Fuqarolik jamiyati institutlariga ajratiladigan davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini nazorat qilish imkoniyati yaratiladi
1-oktyabrdan fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bogʻliq barcha jarayonlarning shaffofligini taʼminlashga qaratilgan yagona elektron platforma ishga tushiriladi.
Ish haqi miqdori oshiriladi
Byudjet tashkilotlarida ishlovchi tibbiyot xodimlari, shuningdek, maktabgacha, umumtaʼlim, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari va tashkilotlari, “Muruvvat” internat uylari, bolalar va mehribonlik uylari, bolalar sanatoriyalarida ishlovchi pedagog xodimlarning ish haqi miqdori 15 foizga oshiriladi.
Shuningdek, ushbu sanadan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 1 155 000 soʻm, bazaviy hisoblash miqdori esa 375 000 soʻm etib belgilanadi.
Ovchilik guvohnomasini berish tartibi oʻzgaradi
Ovchilarga ovchilik yoʻllanmasi yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalar asosida elektron dastur orqali beriladi.
Guvohnomani olish uchun talabgorlarni maxsus oʻquv kurslarida oʻqitish joriy etiladi.
Ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, 18 yoshga toʻlgan, oʻquv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan jismoniy shaxslarga YIDXP orqali 2-yil muddatga beriladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarga sharoitlar yaratish maqsadida obyektlar ekspertizadan oʻtkaziladi
Rekonstruksiya qilinadigan va taʼmirlanadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi nogironligi boʻlgan shaxslarga sharoitlar yaratish boʻyicha shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizadan oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, har yili “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi mablagʻlarining kamida 10 foizi chorrahalarda nogironligi boʻlgan shaxslar (piyodalar) uchun xavfsiz va toʻsiqsiz muhit yaratish boʻyicha qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlariga yoʻnaltiriladi.
Alkogol mahsulotlarini yashirin ishlab chiqargan shaxslarning uskunalari musodara qilinadi
Yashirin ishlab chiqarish, aksiz markasiz, raqamli markirovkasiz yoki sifatsiz alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish holatlari aniqlanganda ishlab chiqarish uskunalari davlat foydasiga oʻtkaziladi.
Isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda qoʻshimcha litsenziya talablari joriy etiladi.
Qalbaki aksiz markali, aksiz markasiz, raqamli identifikatsiya vositasi bilan markirovkalanmagan, qalbaki markirovka kodlari bilan markirovkalangan alkogol va tamaki mahsulotlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan muomaladan olinadi va ushbu mahsulotlar bilan savdo qilish huquqini beruvchi litsenziya (ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat) belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Aliment toʻlovlari miqdori oshiriladi
1-oktyabrdan maoshiga 15 foiz qoʻshiladigan qarzdor pedagoglar ham aliment undiruvidagi qarzni 15 foizga koʻtarilgan holatda toʻlaydi.
Oyligi 10 foizga oshadigan xususiy sektor va byudjet tashkilotlarida faoliyat yurituvchi qarzdorlar esa alimentni 10 foizga oshirilgan qiymatda beradi.
Shu bilan birga, 1-oktyabrdan ishsiz aliment toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan aliment miqdori ham oʻrtacha 10 foizga oshadi.
Yoʻl harakati qoidasini buzganlik uchun jarima oshadi
Bunda jarimalar quyidagicha belgilanadi:
• Texnik koʻrik, “aptechka” — 187,5 ming soʻm (ayni vaqtda 170 ming soʻm);
• Xavfsizlik kamarini taqmaslik — 187,5 ming soʻm (ayni vaqtda 170 ming soʻm);
• Hujjatsiz yurish — 375 ming soʻm (ayni vaqtda 340 ming soʻm);
• Sugʻurtasiz haydash — 750 ming soʻm (ayni vaqtda 680 ming soʻm);
• “Qizil” dan oʻtish — 750 ming soʻm (ayni vaqtda 680 ming soʻm);
• Notoʻgʻri “parkovka” — 750 ming soʻm (ayni vaqtda 680 ming soʻm);
• Telefonda gaplashish — 1 mln 225 ming soʻm (ayni vaqtda 1,2 mln soʻm);
• Raqamsiz haydash — 1 mln 875 ming soʻm (ayni vaqtda 1 mln 700 ming soʻm);
• Tezlikni oshirish (20 km/s) — 375 ming soʻm (ayni vaqtda 340 ming soʻm);
• Tezlikni oshirish (20-40 km/s) — 1 mln 875 ming soʻm (ayni vaqtda 1 mln 700 ming soʻm);
• Tezlikni oshirish (+40 km/s) — 3 mln 375 ming soʻm (ayni vaqtda 3 mln 60 ming soʻm);
• Qarama-qarshi harakatlanish — 3 mln 750 ming soʻm (ayni vaqtda 3 mln 400 soʻm);
• Mast holda haydash — 9 mln 375 ming soʻm yoki 3-yilgacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish (ayni vaqtda 8 mln 500 ming soʻm);
• Mastlik tekshiruvidan bosh tortish — 5 mln 625 ming soʻm yoki 3-yilgacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish (ayni vaqtda 5 mln 100 ming soʻm);
• Ruxsatsiz “tonirovka” — 9 mln 375 ming soʻm (ayni vaqtda 8 mln 500 ming soʻm);
• “Tonirovka”dan bir yilda takroran ruxsatsiz foydalanish — 15 mln soʻm (ayni vaqtda 13 mln 600 ming soʻm).
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q