O‘zbekistonlik haydovchilar va quruvchilar Germaniya, Yaponiya hamda Turkiyaga ishga chaqirilmoqda

Saqlash
16:53 / 14.11.2025 41 0

Migratsiya agentligi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘zbekistonliklarni xorijga ishga taklif qilmoqda. Xususan, haydovchilar uchun Germaniya va Yaponiyada, quruvchilar uchun Turkiya va Yaponiyada ishlash imkoniyati berilishi mumkin. Shuningdek, Germaniyadagi o‘zbek restorani ham ish o‘rinlari uchun tanlov ochgan.

 

Germaniyaga haydovchilar ishga taklif qilinmoqda

 

Migratsiya agentligi va Germaniyaning SBH West GmbH tashkiloti avtobus va og‘ir yuk avtomobillari haydovchilarini ishga taklif qiladi.

300 ta ish o‘rni uchun haydovchilar oflayn suhbat asosida tanlab olinadi. Tanlovda BC, CE yoki D toifasidagi haydovchilik guvohnomasi, nemis tilidan A2 yoki B1 darajali xalqaro til sertifikati bor, sudlanmagan va jismonan sog‘lom bo‘lgan 21−44 yoshdagi erkak va ayollar qatnashishi mumkin.

 

Oylik maosh 2200 yevroga teng, ish jadvali haftasiga 5 kun 8 soatdan iborat. Shuningdek, tanlovdan o‘tganlar Germaniyaga ketishdan oldin kasbiy nazariy-amaliy tayyorgarlikdan o‘tkaziladi, ularga vizani rasmiylashtirib beriladi, aviachipta va aeroportdan ish joyigacha transfer taqdim etiladi. Germaniyada kasbiy qayta tayyorlovdan o‘tish imkoniyati ham bor.

 

Aniqlik kiritilishicha, tanlab olingan avtobus haydovchilari D toifasi uchun o‘qitiladi, muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar Germaniyaga jo‘nab ketish oldidan (viza jarayoni boshlanganda 1 oy) SBH West tashkiloti ko‘magida “Vatanparvar” markazida kasbiy qayta tayyorlovga qatnashadi va Germaniya standartlari asosida kasbiy nemis tili o‘qitiladi hamda avtobus simulyatorlarida amaliyot qiladi.

Tanlovda qatnashish uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish zarur.

 

Murojaat uchun Migratsiya agentligining telefon raqami: 71−202−33−55 (qisqa raqam 1282)

 

Germaniyadagi o‘zbek restorani ishga taklif qilmoqda

 

Migratsiya agentligi va Germaniyaning NoVo Agency kompaniyasi Germaniyaning Manxeym hududida joylashgan o‘zbek restoraniga ishga taklif qilmoqda.

 

50 ta ish o‘rni uchun oflayn suhbat asosida tanlov o‘tkaziladi. Tanlovda kasbiy yoki oliy ma’lumotga hamda restoranda ish tajribasiga ega, nemis tilini kamida B darajada biladigan, rus tilida yaxshi so‘zlashuvchi, 20−30 yosh oralig‘idagi erkak va ayollar qatnashishi mumkin. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi shart.

 

Oylik maosh 1500 yevro bo‘lib, ish vaqti haftasiga 5 kun 8 soatdan (smenali). Ishchilar bepul ovqatlanishi mumkin va ularga bonuslar ham beriladi.

 

Ishchilarning asosiy vazifalari quyidagicha:

 

  • mijozlarga xizmat ko‘rsatish;

  • buyurtmalarni qabul qilish va taom/ichimliklarni ulashish;

  • stolni tayyorlash;

  • kassada ishlash;

  • tozalik va gigiyena qoidalariga rioya qilish.

 

Tanlovdan o‘tganlar uchun aeroportdan yashash joyigacha transfer, tibbiy sug‘urta va transport ish beruvchi tomonidan ta’minlanadi.

 

Shu bilan birga, vizani rasmiylashtirish, Germaniyaga uchish va u yerda yashash xarajatlari (350−400 yevro) nomzod hisobidan amalga oshiriladi. Ammo mehnat shartnomasi tuzilgandan so‘ng, Migratsiya agentligi viza va aviachipta xarajatlarining ma’lum qismini qoplab beradi.

 

Tanlovda qatnashish uchun ushbu havola orqali ro‘yxatdan o‘ting.

 

Murojaat uchun Migratsiya agentligi telefon raqami: 71−202−33−55 (qisqa raqam 1282)

 

Yaponiyaga haydovchilar va quruvchilar ishga taklif qilinmoqda

 

Migratsiya agentligi va Yaponiyaning Proud Partners kompaniyasi Yaponiyada haydovchilik va qurilish sohalarida bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qiladi.

 

Nomzodlar Yaponiya kompaniyasi tomonidan tashkil qilinadigan 6−8 oylik bepul o‘quv kurslarida ishtirok etishi talab etiladi.

 

Yetkazib beruvchi haydovchilikka 250 ta, qurilish sohasiga 150 ta ish o‘rni uchun tanlov oflayn suhbat asosida 1−2-dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

 

Haydovchilik uchun tanlovda B-C toifadagi haydovchilik guvohnomasi bor, 21−35 yosh oralig‘idagi, xavfsizlikka e’tiborli, intizomli haydovchilar qatnashishi mumkin.

 

Qurilish sohasi uchun esa 18−35 yosh oralig‘idagi, xavfsizlikka e’tiborli, intizomli nomzodlar talab etiladi.

 

Oylik maosh 1400 — 1600 dollarga teng bo‘lib, yiliga bir marta oshiriladi. Bundan tashqari, bonus ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, ish unumdorligiga qarab yiliga 2 marta moddiy rag‘batlantirish beriladi. Ish haftada 5 kun, 8 soatdan.

 

Turar joy ish beruvchi tomonidan beriladi: xodim o‘z hisobidan oyiga 200 dollar to‘laydi, qolganini kompaniya qoplab beradi. Shuningdek, aviachipta xarajatlari qoplanadi, ishchi viza rasmiylashtiriladi, tibbiy va ijtimoiy sug‘urta bilan ta’minlanadi.

 

Ovqatlanish xarajatlari nomzod hisobidan to‘lanadi (oyiga taxminan 300 dollar).

Yapon yoki ingliz tilini bilganlarga ustunlik beriladi. Yapon tilini o‘rganish uchun Toshkent viloyati Angren shahrida bepul kurslar tashkil etiladi, yotoqxona taqdim etiladi.

 

Tanlovlarda qatnashish uchun havolalar:

 

Murojaat uchun Migratsiya agentligi telefon raqami: (+998) 71 202−33−55 ichki raqam 545

 

Turkiyaga qurilish sohasi ishchilari taklif qilinmoqda

 

NAIMIX xususiy bandlik agentligi qurilish sohasida ishlovchilarni Turkiyaga ishga taklif qilmoqda.

 

450 ta ish o‘rni uchun nomzodlar ish beruvchi bilan yuzma-yuz suhbat asosida talab olinadi.

 

Oylik maosh 700 — 1200 dollar bo‘lib, ish vaqti haftada 5 kun 8 soatdan. Qo‘shimcha har bir soat uchun 3−4 dollardan haq to‘lanadi.

Nomzodlar 18−45 yosh oralig‘ida bo‘lishi, tajribaga ega bo‘lishi, jismonan sog‘lom, mehnatsevar va mas’uliyatli bo‘lishi talab etiladi.

 

Ish beruvchi tomonidan viza to‘lovi va aviachipta xarajatlari qoplanadi, yashash joyi, 3 mahal ovqat, ish kiyimi va transport xizmati taqdim etiladi.

 

Tanlovda qatnashish uchun quyidagi havolalar orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin:

 

 

Murojaat uchun telefon raqami: 71−205−05−00 Manzil: Toshkent shahar, Mirobod tumani, Istiqbol ko‘chasi, 36-uy.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//