“Chilim saraton, insult, bepushtlik kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi” – SSV mutaxassisi

Saqlash
14:44 / 30.09.2024 150 0

Soʻnggi paytlarda yoshlar orasida chilim chekish tobora ommalashib bormoqda.

 

Mazkur odatga ruju qoʻygan aksariyat yigit-qizlar uni salomatlik uchun mutlaqo zararsiz deb oʻylaydi. Biroq, bu boʻyicha tadqiqot oʻtkazgan olimlar chilimning sogʻlik uchun oʻta xavfli ekanini aniqlashgan.

 

“Chilim – bu, tamaki hamda tarkibida tamaki boʻlmagan mahsulotlarning tutashi yoki qizdirilishi natijasida hosil boʻladigan tutunni nafas orqali yutishga moʻljallangan moslama boʻlib, aerozol (bugʻ) yoki tutun suyuqlik solingan idish orqali (chilim suvdonidan) oʻtadi. Afsuski, soʻnggi paytlarda butun dunyoda boʻlgani kabi yurtimizda ham bu illatga ruju qoʻyganlar soni ortib bormoqda. Vaholanki, u narkomaniyaning yengil koʻrinishi boʻlib, insonda nikotinga kuchli qaramlikni keltirib chiqaradi”, deydi tibbiyot fanlari nomzodi Shuhrat Shukurov.

 

Mutaxassisning aytishicha, chilimning zarari sigareta chekishdan aslo kam emas. Uning tutuni tarkibida kanserogen moddalar (nitrozaminlar, polisiklik aromatik uglevodorodlar, uchuvchan aldegidlar, jumladan, formaldegid va benzol) hamda azot oksidi va ogʻir metallar kabi zaharli moddalar mavjud.

 

Bundan tashqari, chilim koʻmiri yoqilganda koʻp miqdorda uglerod oksidi (is gazi) va kanserogenlar ajralib chiqadi. Ushbu zaharli moddalar chekuvchilarda yurak va oʻpka kasalliklari hamda saraton xastaliklarini keltirib chiqaradi.

 

Taʼkidlanishicha, oddiy tamaki chekuvchilarga qaraganda chilim chekuvchilarga zaharli is gazi koʻproq taʼsir qiladi.

 

Oʻtkazilgan tadqiqotlar natijasida bu illatga qaram boʻlganlarda yurak urishi, qon bosimining oshishi va boshqa xavfli oʻtkir yurak-tomir taʼsirlari, oʻpka funksiyasi buzilishlari va yalligʻlanishlari, fiziologik himoyaning pasayishi, is gazi taʼsiridan hushdan ketish va oʻtkir zaharlanishlar kuzatilishi aniqlangan.

 

Shuningdek, u ogʻiz boʻshligʻi, qiziloʻngach, oshqozon va siydik pufagi saratoni, oʻpka surunkali obstruktiv kasalliklari, insult, surunkali rinit, erkaklar bepushtligi, meʼda-qiziloʻngach reflyuksi va ruhiy buzilishlarga ham duchor qiladi.

 

Shu sababli ham mutaxassislar chilim chekishdan tiyilishni, ota-onalar esa farzandlarini bu odatning zararli taʼsirlaridan himoya qilishni tavsiya etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//