Oʻzbekiston Belarusdan 4 ming gektar yerni ijaraga oladi

Saqlash
15:15 / 16.04.2026 52 0

Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining Belarusga tashrifi doirasida 4 ming gektar yerni ijaraga olishga kelishildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.

 

Maʻlum qilinishicha, Oʻzbekiston delegatsiyasi Vitebsk viloyatining Braslav, Shumilin va Postav tumanlaridagi chorvachilik komplekslari hamda savdo obyektlari faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, hudud rahbariyati bilan uchrashuvlarda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

 

Qayd etilishicha, tashrif davomida “Asl Yuksalish Savdo”, “Muborak qorakoʻlchilik” korxonalari va Shumilin tumanida joylashgan “Sirotinskiy” chorvachilik fermasi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

 

Mazkur kelishuvlar doirasida Oʻzbekiston tomoni 4 ming gektar ekin maydonini uzoq muddatli ijaraga oladi. Ushbu yer negizida keng koʻlamli loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan boʻlib, birinchi bosqichda 1 ming bosh qoramol yetishtiriladi.

 

Shu bilan birga, eksport yoʻnalishida ham bitim imzolangan. Unga koʻra, “Asl Yuksalish Savdo” korxonasi Belarusning “Dobronom” savdo tarmogʻiga har yili 60 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib beradi. Mahsulotlar qatoriga quruq mevalar, dukkakli ekinlar, poliz mahsulotlari va uzum kiradi.

 

Tomonlar gumanitar hamkorlikni ham muhokama qildi. Jumladan, turistik aloqalarni rivojlantirish va ikki mamlakat turizm sohasi vakillari uchun tanishuv safarlarini tashkil etishga kelishildi.

 

Shuningdek, Belarus Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbari Yuriy Senko bilan uchrashuvda Qashqadaryo viloyati teatri jamoasining Minsk shahrida gastrol dasturini tashkil etish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//