Ilm-fan
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-aprel kuni madaniyat va turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Avvalo, Samarqand shahrida 9 gektar maydonda yangi Ipak yoʻli muzeyini barpo etish rejasi koʻrib chiqildi. Loyihaga koʻra, ushbu muzey ekspozitsiyasi arxeologiya, tasviriy sanʼat, amaliy sanʼat materiallarini qamrab olgan 6 mingdan ziyod noyob eksponatlarni birlashtiradi. Muzeyda doimiy va vaqtincha koʻrgazmalar uchun ekspozitsiyalar, 160 oʻrinli auditoriya, bolalar akademiyasi, konservatsiya va tadqiqot markazi, katta hajmli saqlov xonalari ham tashkil qilinadi.
Taqdimotda aholini madaniyat muassasalariga keng jalb qilish, ularning mazmun-mohiyati va ish uslubini zamon talablari asosida yangilash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Shu munosabat bilan respublikadagi 839 ta madaniyat markazini bosqichma-bosqich transformatsiya qilish, binolarini zamonaviy qiyofaga keltirish, faoliyatiga xususiy sektorni jalb qilish, bu borada jozibadorlikni oshirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi. Umuman, 2030-yilga qadar madaniyat sohasiga 1 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilishi belgilandi.
Andijon yoshlar simfonik orkestri hamda “Tumor” raqs ansambli faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bildirilgan takliflar maʼqullandi.
Mediamakonda milliy kontentlarni koʻpaytirish, sunʼiy intellektdan oqilona foydalangan holda milliy madaniyatimiz haqida maʼlumotlar bazasini kengaytirib borish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, nodavlat madaniyat tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun imtiyozli kreditlar ajratish, nodavlat teatr va teatr-studiyalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularga loyihalarni amalga oshirish uchun grantlar ajratib borish tizimi joriy etilishi belgilandi.
Shu yil boshidan mamlakatimizga 3 millionga yaqin sayyoh kelib, oʻsish surʼati 37 foizni, turizm xizmatlari eksporti esa 48 foiz oʻsib, 1,1 milliard dollarga yetgani qayd etildi. 2030-yilga qadar 20 million xorijiy sayyohni jalb qilish, 2026-yilda esa 12 million turistga xizmat koʻrsatish maqsad qilingan.
Endilikda har bir hududning oʻziga xosligidan kelib chiqib, uning turistik salohiyatini oshirish boʻyicha manzilli dasturlarni amalga oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu maqsadda hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohani loyihaviy boshqaruv asosida tashkil etish choralari koʻrib chiqildi. Xususan, 2026-2027-yillarda hududlarda 31 ta master-rejani amalga oshirishni boshlash, 40 mingdan ortiq ish oʻrni yaratish, joylashtirish vositalari sonini 8 ming 250 taga, turizm qishloqlari va mahallalarining umumiy sonini 84 taga olib chiqish rejalashtirilgan.
Yangi sayyohlik mahsulotlarini shakllantirish va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham qator mexanizmlar koʻzda tutilgan. Jumladan, xorijiy turistlarni jalb qilishga qaratilgan targʻibot xarajatlarining 25 foizgacha qismi, biroq 500 million soʻmdan oshmagan qismi qoplab berilishi, turistlar uchun madaniy-ommaviy va sahnalashtirilgan tomoshalarni tizimli yoʻlga qoʻygan xususiy tadbirkorlarni ragʻbatlantirish, servis sohasidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida amaliy oʻquv kurslarini tashkil etish nazarda tutilgan.
Taqdimotda respublika turizm salohiyatini xalqaro bozorda keng targʻib qilish boʻyicha ham yangi yondashuvlar koʻrib chiqildi.
Mutasaddilarga muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni puxta ishlab chiqish, ularni aniq hisob-kitob va rejalar asosida amalga oshirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Ilm-fan
Siyosat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
112152
Jamiyat
94836
Jamiyat
90894
Jamiyat
75686
Jamiyat
//
Izoh yo‘q