2028-yildan “Yevro–4” standartidan past ekologik toifadagi yonilgʻilardan foydalanish va sotish cheklanadi

Saqlash
14:28 / 26.09.2024 152 0

“Chang boʻronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-338-son, 24.09.2024-y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

 

Qarorga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish boʻyicha 2024–2030-yillarga moʻljallangan milliy dastur tasdiqlandi.

 

Dasturga asosan, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va hududlarda yashil qoplamalarni kengaytirish orqali, 2028-yilgacha kuchli chang boʻronlari hosil boʻlish surʻatlarini hozirgi holatiga nisbatan 50 foizga qisqartirish maqsad qilingan.

 

2025-yil 1-yanvardan Toshkent shahrining 12 ta tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarni oʻrnatish ishlari boshlanadi.

 

2026-yil 1-yanvardan Toshkentda oʻrnatilgan maxsus monitor va tablolarda majburiy ravishda atmosfera havosining ifloslanish darajasi hamda gidrometeorologik maʻlumotlar eʻlon qilib boriladi.

 

2030-yildan Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlarida joylashgan isitish va elektr energiya ishlab chiqarish korxonalariga yoqilgʻi sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi.

 

Toshkent shahriga tutash tumanlardagi 1,2 mingdan ortiq issiqxonalarda foydalanilayotgan koʻmir yoqilgʻisining atrof-muhitga salbiy taʻsirini kamaytirish maqsadida chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatiladi hamda bunday uskunalarni oʻrnatish uchun issiqxona xoʻjaliklariga subsidiya ajratish mexanizmi joriy qilinadi.

 

2025–2030-yillarda Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlaridagi jami 441 gektar yer maydonlarida “yashil belbogʻ” va “yashil bogʻlar” tashkil qilinadi.

 

2028-yildan “Yevro–4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisidan foydalanish va sotish bosqichma-bosqich cheklanadi.

 

Markaziy Osiyo davlatlari bilan muhokama qilgan holda Yashil Markaziy Osiyo fondi va Markaziy Osiyo iqlim masalalari markazini tashkil etishning konseptual asoslari ishlab chiqiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//