Kasb-hunar maktablari va kollejlar texnikumlarga aylantiriladi

Saqlash
15:22 / 25.09.2024 570 0

Kecha, 24-sentyabr kuni Prezident kasbiy taʼlimni rivojlantirish va milliy malaka tizimini isloh qilishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

 

Taʼkidlanishicha, hozirgi kunda professional taʼlim tizimi uch turdagi muassasalar — 333 ta kasb-hunar maktabi, 227 ta texnikum va 112 ta kollejdan iborat.

 

Ular tabaqalashganligi va dasturlari oʻrtasida uzviylik boʻlmagani sababli mavjud quvvatlardan unumli foydalanilmayapti.

 

Shu maqsadda taqdimot davomida ushbu muassasalar negizida texnikumlar tarmogʻini rivojlantirish taklif etilgan.

 

Unga koʻra, endi kasb-hunar maktablari va kollejlar oʻrniga 600 ta texnikum tashkil etiladi. Maqbullashtirish natijasida boʻshaydigan 71 ta muassasa binosi esa maktablarga aylantiriladi.

 

Boshqaruv, tashkiliy va metodik jihatdan yagona davlat siyosati esa Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan yuritiladi. Oldingi tartib – kollejlar turli vazirlik va idoralarga qarashli boʻlishi bekor qilinadi.

 

Zamon talablariga tez moslashishi uchun texnikumlarning akademik mustaqilligini kengaytirish ham rejalashtirilgan.

 

Bunda oʻqish muddatlari va davomiyligi kasb murakkabligi va oʻquvchining taʼlim darajasiga qarab belgilanadi.

 

Taqdimotda taʼkidlanishicha, texnikumlarda xalqaro taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyiladi. Jumladan, tajriba tariqasida, 14 ta texnikumda Angliyaning “BTEC” dasturi joriy etiladi. Bitiruvchilarga 70 ta davlatda tan olinadigan diplom beriladi hamda 200 dan ortiq xorijiy universitetlarga kirish imkoni yaratiladi.

 

Natijaga qarab, bu tajriba bosqichma-bosqich boshqa texnikumlarga ham tatbiq etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//