Fargʻonada vagon ustida selfi tushmoqchi boʻlgan oʻsmirlarni tok urdi

Saqlash
14:53 / 25.09.2024 518 0

Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida joylashgan “Qaqir” temiryoʻl bekatida vagon ustiga chiqib, selfi tushishmoqchi boʻlgan 2 nafar oʻsmirni 27 000 V kuchlanishdagi tok urdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, voqea joriy yilning 17-sentyabrida sodir boʻlgan.

 

Oʻsha kuni soat 13:00 da Fargʻona viloyati Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasiga telefon orqali tezkor maʼlumot kelib tushgan.

 

Xabarga asosan, zudlik bilan tergov-tezkor guruhi voqea joyiga yetib borgan.

 

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, oʻsmirlar Buvayda tumanidagi 1-sonli maktabning oʻquvchilari boʻlgan (2 nafari 10-sinf, 1 nafari 8-sinf).

 

Oʻsmirlar Uchkoʻprik tumanida joylashgan “Qaqir” temiryoʻl bekatiga kelib, oʻzboshimchalik bilan temiryoʻl izlarini belgilanmagan joydan kesib oʻtgan hamda taqiqlangan temiryoʻl hududiga kirishgan.

 

Ular selfi tushish maqsadida bekatning 5-yoʻlida turgan bugʻdoy tashuvchi vagonning ustiga chiqqanda ehtiyotsizlik oqibatida voyaga yetmaganlarning 2 nafarini tok urgan.

 

Voqea oqibatida turli darajada tan jarohati olgan yoshlar tez tibbiy yordam mashinasida Uchkoʻprik tumani Tez tibbiy yordam shifoxonasiga yuborilgan.

 

Xabar xulosasiga koʻra, ikkala bemorga ham malakali yordam koʻrsatilgan.

 

Ularning ikkalasiga ham tana kuyishi tashxisi qoʻyilgan — birining tanasi 65 foiz kuygan, ikkinchisining tanasi kuygan va oʻng son suyagi singan.

 

Hozirda ularning ahvoli yaxshi ekani aytilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//