Bayram munosabati bilan hamma oʻqituvchilar 100 foiz mukofot puli oladimi?

Saqlash
15:46 / 24.09.2024 801 0

“1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan hamma oʻqituvchilar 100 foiz mukofot puli oladimi?

 

Yurist xizmati kanaliga murojaatchi tomonidan mazkur mazmunda savol yuborildi.

 

Murojaatda, shuningdek, moddiy ragʻbatlantirish qay tartibda boʻlishi ham soʻralgan.

 

Mutaxassisning javobida yozilishicha, eski amaliyot boʻyicha taʼlim muassasalaridagi oʻqituvchilar koʻrsatgan natijalariga qarab kalendar yili davomida navbatma-navbat lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda pul mukofoti bilan ragʻbatlantirilar edi.

 

Biroq Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qarori bilan ushbu tartibga cheklov oʻrnatilgan.

 

Yangi tartibga koʻra, umumtaʼlim muassasalari xodimlari, shu jumladan, rahbar xodimlari faqatgina “1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 foizigacha, yaʼni 525 ming soʻm (1-oktyabrdan 577 500 soʻm) miqdorida mukofotlanishi mumkin.

 

Taʼkidlanishicha, hamma oʻqituvchilar bayram munosabati bilan mukofotlanishi ish beruvchi (maktab direktori, XTB mudiri) hamda xalq taʼlimi boʻlimlarining buxgalter va iqtisodchilariga bogʻliq.

 

“Katta ehtimol bilan xalq taʼlimi boʻlimi iqtisodchilari barcha maktabning 100 foiz pedagog xodimlarini pul mukofoti bilan ragʻbatlantirilishiga rozi boʻlmasa kerak”, deyiladi Yurist xizmati xabarida.

 

Mutaxassisning javobiga koʻra, bordi-yu yuqori tashkilotlardan oʻqituvchilarni bayram munosabati bilan mukofotlash toʻgʻrisida alohida koʻrsatma berilsagina, buni amalga oshirish mumkin. Bunday boʻlmasa, ularni 100 foiz moddiy ragʻbatlantirish juda qiyin masala.

 

Xulosada keltirilishicha, agar maktabning direktor jamgʻarmasida yetarli mablagʻlar mavjud boʻlsa, hamma xodimlarga birdaniga mukofot puli berilishi mumkin. Agar mablagʻ yetarli boʻlmasa, xodimlarning maʼlum qismi bu yil mukofot ololmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//