
Madaniyat
Joriy yilning 19–21-sentyabr kunlari Margʻilon shahrida hunarmandchilikni rivojlantirishga qaratilgan 6-xalqaro anʼanaviy toʻqimachilik “Atlas bayrami” festivali oʻtkazildi.
2015-yildan buyon UNESCO va Oʻzbekiston hukumati hamkorligida oʻtkazib kelinayotgan festivalda dunyoning turli nuqtalaridan tashrif buyurgan 60 nafar soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Uch kun davom etgan festivalda konferensiya, moda namoyishlari, koʻrgazmalar, xalq sayli, askiya va katta ashula ijrochiligi kabi namoyishlar oʻtkazildi.
Festival dasturidan shuningdek, dorboz chiqishlari, milliy hunarmandchilikning kashtachilik, ipak matolar va kiyim-kechak taqdimotlari ham oʻrin oldi.
Modalar namoyishida milliylik va zamonaviylikni oʻzida mujassam etgan liboslar taqdim qilindi.
Namoyishlarda Markaziy Osiyo, Yevropa, Osiyo va Tinch okeani mintaqasidan tashrif buyurgan bir qator dizaynerlar oʻz kolleksiyalari bilan ishtirok etdi. Mahalliy va xorijlik professional dizaynerlar tomonidan yaratilgan xonatlas, koʻrkam atlas, baxmal, nafis shoyi, soʻzana kabi milliy matolarimizdan tayyorlangan turfa uslubdagi liboslar tomoshabinlar eʼtiboriga taqdim etildi.
Tomoshabinlar yuksak mahorat bilan tayyorlanib, bir-birini takrorlamaydigan oʻzgacha uslubi, shakli, naqshi va ranglari bilan ajralib turgan milliy va zamonaviy liboslarni jonli koʻrib baholash imkoniga ega boʻldi.
Oʻzbekistonlik etno-madaniy anʼanalarning ijodiy talqini uchun Zuhra Xudoyqulova, modada anʼanaviy kashtachilik sanʼatini mukammal taqdim etgan Madina Qosimboyeva, moda dizayni orqali anʼanaviy toʻqimachilikni saqlash va rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun Marhamat Umarova, qirgʻizistonlik erkaklar kolleksiyasida qoʻllangan yechimi uchun Mirrahim Toʻqtogʻulov, anʼanaviy madaniyat orqali obrazlarni ochib bergani uchun Buyuk britaniyalik Shayx Umar Mansur va bir qancha dizaynerlar gʻoliblar qatoridan joy oldi.
Oltinchi xalqaro anʼanaviy toʻqimachilik festivalining yopilish marosimi turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblarni eʼlon qilinib, taqdirlash bilan yakuniga yetdi.
Mashhur va havaskor sanʼatkorlar ishtirokidagi konsert dasturi esa tomoshabinlarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Matn va foto muallifi Gulnoza Adham qizi
Oyina.uz
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q