Shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston Ukraina va Gretsiyani mag‘lub etdi

Saqlash
14:42 / 19.09.2024 113 0

Shaxmat olimpiadasining 7-turida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Ukrainani mag‘lub etib, 3-o‘ringa ko‘tarildi. Ayollar terma jamoasi esa Gretsiyani mag‘lubiyatga uchratdi. Endi ular jamoasida o‘zbekistonlik Gulruhbegim Tohirjonova ham bo‘lgan AQSH’ga qarshi bahs olib boradi.

 

Budapeshtda o‘tayotgan Butunjahon shaxmat olimpiadasining yettinchi turi doirasida O‘zbekiston terma jamoalari o‘z bahslarini o‘tkazdi.

 

Erkaklar terma jamoasi vakillari (o‘rtacha reyting — 2690, start raqami — 4) asosiy uchrashuvlardan birida Ukraina bilan to‘qnash keldi.

 

O‘sha kuni 20 yoshni qarshilagan Nodirbek Abdusattorov sitsiliyacha himoya usulida raqibi Andrey Volokitinni mag‘lub etdi (partiya).

 

 

Ukrainalik afsonaviy shaxmatchi Vasiliy Ivanchukka qarshi kechgan o‘yinda Nodirbek Yoqubboyev o‘yinning yarmidan so‘ng ustunlikka erishdi, ammo raqibining xatosidan unumli foydalana olmadi. Natijada tomonlar durangga rozi bo‘ldi.

 

Yakuniy hisob 3:1, O‘zbekiston foydasiga. Mamlakat birinchi o‘rinda borayotgan va Xitoyni mag‘lub etgan Hindistonni ta’qib etishda davom etmoqda.

 

Ayollar terma jamoasi Gretsiyani 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa-da, Feruza Hamdamova turnirdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qildi.

 

Nodira Nodirjonova ushbu Olimpiadada milliy terma jamoa safida eng kam o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa-da, doim ochko olib kelmoqda. Bu safar sportchi Xaritomeni Markantonakini mag‘lub etdi — unda allaqachon uchta g‘alaba va bitta durang bor.

 

Malika Marjonova Yekaterina Pavlidu bilan durang o‘ynadi, Afruza Hamdamova esa Stavrula Solakiduga imkoniyatni boy berib, turnirdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qildi.

 

 

Erkaklar o‘rtasida faqat Hindiston 14 ochkodan 14 ochko jamg‘argan. Keyingi o‘rinlarda oltita g‘alaba va bir durang bilan Eron, oltita g‘alaba va bir mag‘lubiyat bilan O‘zbekiston terma jamoasi bormoqda. Vengriya, Armaniston va Serbiya terma jamoalarida esa 12 tadan ochkodan bor.

 

Ayni paytda ayollar o‘rtasida ham 14 ochkodan 100 foizlik natijaga faqat Hindiston jamoasi ega. O‘zbekiston ayollar terma jamoasi esa 11 ochko bilan 11-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Oldinda hali 4 ta tur bor.

 

19-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan sakkizinchi turda erkaklar terma jamoasi Serbiyaga, ayollar terma jamoasi esa AQShga qarshi bahs olib boradi. Unda AQSh terma jamoasidan o‘zbekistonlik Gulruhbegim Tohirjonova birinchi doskada o‘ynaydi. U 2020-yilda Amerika jamoasida o‘ynay boshlagan va AQShga ketishiga O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbari birinchi o‘rinbosarining xatti-harakatlarini sabab qilib ko‘rsatgandi.

 

So‘nggi 2022-yilgi Olimpiadada Tohirjonova O‘zbekistonga qarshi o‘ynamagan. U bu safar birinchi doskada Afruz Hamdamova bilan to‘qnash kelishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//