Jamiyat
So‘nggi paytlarda tarmoqlarda dunyoning qator mamlakatlari bo‘ylab COVID-19 ning XEC nomli yangi shtammi tarqalayotgani, u kelgusi oylarda dominant variantga aylanishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov yangi tur bo‘yicha ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 ning yangi versiyasi omikron shtammining KS.1.1 hamda KP.3.3 variantlari kombinatsiyasi sifatida paydo bo‘lgan va ilk bor 2024-yil 15-iyunda Germaniyada aniqlangan. Hozirgacha u 27 mamlakatda ro‘yxatga olingan.
Bugungi kunda dunyo bo‘ylab omikron shtammining 10 ta versiyasi tarqalgan. Mutaxassislar kelayotgan qish mavsumida XEC versiyasi dominant, ya’ni eng ko‘p qayd etiladigan variant bo‘lishini prognoz qilmoqda.
Bu kasallik yengil va asoratsiz, aniqrog‘i, O‘RVI va grippga xos belgilar bilan kechmoqda. Faqat ayrim farqli alomatlari bor. Yengil nafas qisishi, davomli yo‘tal, ta’m va hid bilish qobiliyati qisman yo‘qolishi, holsizlik kabi simptomlar shular jumlasidan. Koronavirusga qarshi qo‘llab kelinayotgan vaksinalar hozir aniqlanayotgan barcha shtammlar, xususan, XEC mutatsiyasiga nisbatan ham samara beradi va yangi emlash vositasini ishlab chiqarishga ehtiyoj yo‘q.
“Xalqaro tibbiy amaliyotda XEC shtammini yuqtirgan bemorlar asosan bir-ikki haftada to‘liq tuzalib ketishi kuzatilmoqda. Amaldagi davolash protokollari, muolaja usullari kutilganidek natija beryapti.
Hozir O‘zbekistonda XEC shtammi qayd etilgani yo‘q. O‘z navbatida, COVID-19 ga qarshi yetarli vaksinalar zaxirasiga egamiz. Shu bois yurtimizda katta miqyosdagi epidemiya va pandemiyalar kuzatilishi ehtimoldan yiroq. Negaki, aholimizda mavjud bo‘lgan jamoaviy immunitet mazkur kasallik qo‘zg‘atuvchisini mamlakatimiz hududiga kirib kelib, juda keng ko‘lamda tarqalish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.
Ayni kungacha jahonda SARS-CoV-2 ning salkam 40 mingta mutatsiyasi qayd etilgan. O‘tgan davrda ulardan faqat 20 ga yaqini kasallik chaqirdi, xolos. Shu ma’noda, mutatsiyalardan vahima yasash kerak emas.
Binobarin, endilikda koronavirus infeksiyasiga og‘ir yo‘qotishlarni keltirib chiqaradigan xavfli patologiya emas, balki O‘RVI va gripp singari mavsumiy kasalliklar singari munosabatda bo‘lish vaqti keldi”, degan mutaxassis.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q