Jamiyat
Foto: Zamin.uz
Sudyalar oliy kengashi Botir Qodirov va Joʻrayevlar ishi boʻyicha sudyaga tuhmat qilganlarga chora koʻrilishini maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, “otalik faktini belgilash”ga doir fuqarolik nizosi boʻyicha sud jarayoni boshlanganidan to hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar keragidan ortiq muhokamalar boʻldi. Ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalar sud qarori qabul qilinganidan keyin ham davom etib, ensani qotiradigan darajaga yetdiki, bu haqida ikki ogʻiz gap aytishning oʻzi ortiqcha.
“Biroq suddan keyin taraflar va ularga xayrixohlar oʻrtasidagi “virtual musohabalarda” ishni birinchi bosqich sudida koʻrib chiqqan sudya shaʼniga nomaʼqul va asossiz taʼnalar aytish holatlari ham uchramoqda”, deb yoziladi Kengash bayonotida.
Maʼlum boʻlishicha, bloger J. Hamrayev ijtimoiy tarmoq orqali chiqishida daʼvogar(Botir Qodirov)ning “qoʻli uzun ekani” haqidagi gapini eslatib, “…uning uzun qoʻllari sudyagacha yetib borgani”ni ochiq iddao qilgan.
Shuningdek, sudya tomonidan marhum sanʼatkorning vafoti sanasi notoʻgʻri aytilgani-yu, sud qarorini oʻqish paytidagi biroz hayajonlanganini “bu ne koʻrgilik?!” degan. Xabarda bloger bu harakati bilan vaziyatni boʻrttirishga uringani yoziladi. Eng yomoni esa blogerning iddaolari ish boʻyicha javobgar taraf(Joʻrayevlar oilasi)ning ijtimoiy tarmoqdagi sahifa va kanallarida tarqatilayotgani natijasida sudyaning xolisligi borasida turli shubhalar ehtimolini paydo qilmoqda.
Sudyalar oliy kengashi ushbu ishni koʻrib chiqqan sudyaning hukm oʻqilish paytida hayajonlanishini sud jarayoni bir necha oy davom etgani, bu davrda tarmoqlardagi adoqsiz muhokamalar, ularda hatto tor doirada aytilishi mumkin boʻlmagan gaplar baralla aytilib, keng ommada turli qarashlar shakllantirishga qaratilgan harakatlar sudga nisbatan ijtimoiy bosim paydo qilib boʻlgani kabi omillar bilan bogʻlaydi. Bayonotga koʻra, sudya shu sababli bir necha kameralar qarshisida turib, yakuniy qarorni oʻqish jarayonida bitta sanani notoʻgʻri aytib qoʻymaslik uchun oʻzini shunday tutgan.
“Ammo Sudyalar oliy kengashi kimningdir goʻyoki “uzun qoʻllari sudyagacha yetib borgan”iga oid taʼna va iddaolarga huquqiy baho berishga ehtiyoj mavjud, deb hisoblaydi hamda bu borada vakolati doirasida lozim choralar koʻriladi”, deyiladi bayonotda.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q