Hamshiralar akademiyasiga yangi rahbar tayinlandi

Saqlash
19:40 / 16.09.2024 253 0

Nosirova Raʼno Rahimovna Hamshiralar akademiyasi rektori boʻldi. Tayinlov Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻi bilan amalga oshirilgan.

 

II darajali “Salomatlik” ordeni bilan taqdirlangan Nosirova tayinlovga qadar Chilonzor tuman tibbiyot birlashmasi – markaziy koʻp tarmoqli poliklinika boshligʻi sifatida faoliyat koʻrsatib kelayotgan edi.

 

Maʼlumot uchun, Raʼno Nosirova 1995-yil Toshkent davlat ikkinchi tibbiyot institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini “Toshkentqurilish” davlat korporatsiyasining tibbiy-sanitariya boʻlimi terapevt-shifokori sifatida boshlagan.

 

U turli yillarda Yakkasaroy tuman 45-sonli oilaviy poliklinika terapiya boʻlimi boshligʻi, bosh shifokor muovini, tuman koʻp tarmoqli markaziy poliklinika bosh shifokorining davolash ishlari boʻyicha muovini, 59-sonli oilaviy poliklinika bosh shifokori lavozimlarida ishlagan.

 

Xabarda yozilishicha, yangi rahbar zimmasiga oliy hamshiralik ishi yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha bakalavriat va magistratura bosqichida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, tibbiyot texnikumlarining rahbar va pedagoglari hamda hamshiralar malakasini oshirishning uzluksiz va yaxlit tizimini yaratish, oʻquv dasturlari integratsiyasini taʼminlash, ilmiy salohiyatni oshirish, shuningdek, tibbiy taʼlim va ilm-fan sohasida rivojlangan davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish kabi qator vazifalar yuklatilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//