Boshni yuvib, koʻchaga chiqish qanchalik xavfli?

Saqlash
17:44 / 16.09.2024 415 0

Boshni yuvib, koʻchaga chiqishning xavfi va oqibati haqida mutaxassis maʼlumot berdi.

 

Yangilik emas, bugungi kunda ayrim yoshlar orasida ertalab boshni yuvib, koʻchaga chiqish odatga aylangan. Bu holatda ular sochlarni fenda quritishning oʻzi yetarli deb oʻylaydi. Vaholanki, sochlar ildizi va uning ichki qavati 4 soatda ham qurimaydi. Qarabsizki, buning oqibatida insonda jiddiy kasalliklar kelib chiqishi mumkin.

 

Taʼkidlanishicha, sochlar nam boʻlganda, bosh issiqlikni juda tez yoʻqotadi. Buning natijasida undagi tomirlar torayib, sochlarning ozuqa olishi yomonlashadi va ular toʻkilishni boshlaydi. Bu jiddiy oqibatlarning eng yengili hisoblanadi.

 

Mutaxassisning soʻzlariga koʻra, ertalab bosh yuvib, sochlarni quritmay koʻchaga chiqish tufayli organizmning immuniteti pasayadi. Ayniqsa, kuzning salqin havosida teri namlik holatini uzoq ushlab turishi tufayli surunkali gaymorit, rinit, frontit, tonzillit va otit kabi kasalliklar qoʻzgʻaydi. Agar bunday xastaliklarga moyillik kuchli boʻlsa, xavf yanada ortadi.

 

Uchinchi eng jiddiy oqibatlardan biri bu uch tomonlama yoki yuzning asab tugunlari nevritidir. U ogʻriqli sindrom boʻlib, uni davolash uchun uzoq vaqt talab etilishi mumkin.

 

Boshni quritmasdan koʻchaga chiqishning eng katta xavfi esa meningit, yaʼni bosh miya va orqa miya pardalari yalligʻlanishi sanaladi. Bu kasalliklar guruhi boʻlib, ular virusli yoki bakterial boʻladi. Bunda turli infeksiyalar miya pardalariga kirib, oʻsha yerda rivojlanadi.

 

Natijada bemor kuchli bosh ogʻrigʻidan shikoyat qiladi. Tana harorati tez-tez 39-40 darajaga koʻtariladi. Eng yomoni, salqin havoda infeksiya xavfi yanada kuchayadi. Agar oʻz vaqtida davo choralari koʻrilmasa, oqibati yomon boʻlishi mumkin.

 

Shu sababli mutaxassis sochlarni fenda quritilgach, kamida ikki soatdan soʻng, agar havo harorati juda past boʻlsa, bosh kiyim bilan koʻchaga chiqishni maslahat beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//