UzAuto Motors'ga nisbatan ish qoʻzgʻatildi

Saqlash
17:39 / 13.09.2024 437 0

“UzAuto Motors” AJ va uning dileriga avtomobil yetkazib berish sohasidagi qonun buzilishi yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi, deya maʼlum qildi Raqobat qoʻmitasi.

 

Xabarda yozilishicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasida yashovchi fuqaro A. D. oʻziga tegishli 2023-yilda “UzAuto Motors” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Lacetti L-Stayle MT” rusumli avtomobil olinganiga 5 oy ham boʻlmasdan nosozligi tufayli yonib ketgani, lekin ishlab chiqaruvchi tomonidan ushbu holat oʻz vaqtida bartaraf etilmayotgani yuzasidan qoʻmitaga murojaat qilgan.

 

Ushbu murojaat koʻrib chiqilganda holat oʻz tasdigʻini topgan. Bundan tashqari, aynan shu markali avtomobilda yongʻin chiqishi holati Navoiy viloyatida ham kuzatilganligi aniqlangan.

 

Shundan soʻng, Raqobat qoʻmitasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 14 va 20-moddalari talablari buzilish alomatlari boʻyicha “UzAuto Motors” AJ va “PSM-AVTOSAVDO” MCHJlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilgan.

 

Natijada, qoʻmita tomonidan, ushbu holat (avtomobilda yongʻin chiqishi) inson hayoti va uning sogʻligʻiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkinligi holatlarini inobatga olgan holda, yuqorida qayd etilgan avtomobil bilan bir vaqtda ishlab chiqarilgan 37 ta aynan shu markali avtomobillar 10 kunlik muddatda chaqirtirib olinib, texnik koʻrikdan oʻtkazish yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berilgan.

 

Shuningdek, murojaat qilgan fuqaroga ayni shunday markali yangi avtomobil almashtirib berilgan hamda isteʼmolchi talab qoʻygan vaqtdan boshlab oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun avtomobil bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) toʻlashi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//