Jamiyat
Bolalik insonning oʻsish jarayoni jadallik bilan kechadigan davrdir. Albatta, har bir ota-ona uchun farzandining sogʻlom ulgʻayishi juda muhim. Shuning uchun ham ular farzandining har bir rivojlanish bosqichini diqqat bilan kuzatib boradi. Biroq baʼzi bolalar oʻz tengdoshlaridan boʻy jihatidan ortda qoladi. Bu esa jiddiy eʼtibor talab qilinadigan jihat hisoblanadi.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, bolaning boʻyi tengqurlariga nisbatan pastligi uning ruhiy holatiga salbiy taʼsir qilib, oʻgʻil-qizlarda sal narsadan asabiylashish va tengdoshlari orasida oʻzini nuqsonli deb his qilishiga sabab boʻladi.
Xoʻsh, nima sababdan bolaning boʻyi oʻsmay qoladi?
Sogʻliqni saqlash vazirligi bergan xabarga koʻra, bolada boʻyi oʻsmasligining sabab va omillari koʻp.
Birinchi navbatda, oʻsishdan toʻxtash irsiyat bilan bogʻliq. Shuningdek, organizmdagi ayrim gormonlarning koʻp yoki kamligi ham bunga taʼsir qiladi. Yaʼni, endokrin tizimdagi buzilishlar boʻy oʻsishida turli patologiyalarni keltirib chiqaradi.
Masalan, oʻsish gormonlari yetiladigan gipofiz, qalqonsimon va buyrak usti bezlarida oʻsish gormonlari bola uxlaganda ishlab chiqariladi. Demak, meʼyorida uxlagan farzand yaxshi rivojlanadi. Baʼzida buyrak, yurak, oʻpka va hazm aʼzolaridagi surunkali kasalliklar ham boʻy oʻsishini toʻxtatishi mumkin.
Bundan tashqari, organizmda parazitlar boʻlsa ham bu borada muammolar yuzaga keladi.
Yana bir sabab ruhiyat bilan bogʻliq boʻlib, farzandga mehr yetishmasligi unda oʻsish gormonlari ishlab chiqarilishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Shuningdek, onaning homiladorlik davridagi ovqatlanishi, boshdan kechirgan stress va kasalliklari ham bolaning qanday rivojlanib borishini belgilaydi.
Xabarda yozilishicha, bolada boʻyi oʻsmasligi, asosan, 4 yoshdan keyin namoyon boʻladi. Koʻpincha ota-onalar farzandi maktabga chiqqach, tengqurlari orasida uning boʻyi pastligini sezib qoladi. Ammo shunda ham bunga yetarlicha eʼtibor bermaydi. Oqibatda, bu holat oʻsmirlik davriga kelib yanada jiddiy muammoga aylanishi mumkin.
Shu bois ota-onalar farzandining boʻyi oʻsmayotganligini sezgach, darhol shifokor-endokrinologga murojaat qilishi va farzandi toʻlaqonli tekshiruvlardan oʻtishi lozim deb qaraladi.
Bunda shifokor dastlab UTT hamda qonda gormonlar nisbatini aniqlaydi. Shundan soʻng rentgenografiya yordamida bilak suyaklari tekshiriladi. Bu usul orqali bolaning suyaklari oʻsish hududidami yoki yoʻq, shuni bilish mumkin.
Zarurat tugʻilsa, boʻy hamda vazn oʻlchami, bosh sohasining tomografiya tekshiruvi, qoʻl kafti rentgeni, qondagi gormon miqdori, jigar faoliyati, gijjalar tekshiruvi va genetik xastalikka gumon qilinganida genetik mutaxassis tomonidan alohida qon tahlili olinadi.
Koʻpchilik ota-onalar oʻgʻil farzandining boʻyi qizlarga qaraganda sekin oʻsayotganidan tashvishga tushadi. Biroq bundan xavotirlanmaslik kerak. Boisi oʻgʻil bolalarda bu holat qizlarga nisbatan 2-3-yil kech kuzatiladi. Maʼlum vaqtdan soʻng oʻgʻil bolaning boʻyi oʻsib ketadi.
Agar bolaga boʻy oʻsmaslik tashxisi qoʻyilsa, gormon terapiya muolajasi qoʻllanilishi mumkin. Biroq ushbu preparatlarni oʻz vaqtida va belgilangan tartibda qabul qilish shart. Sababi, bilib-bilmay boʻy oʻstiruvchi gormonlardan foydalanish organizmda jiddiy nojoʻya taʼsirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli mazkur muolaja faqat mutaxassis maslahati bilan amalga oshirilishi zarur.
Shuningdek, bolalarning boʻyi normal oʻsishi uchun ularning toʻgʻri ovqatlanishiga alohida eʼtibor berish tavsiya etiladi.
Bolani boʻyi meʼyorida boʻlishi uchun ota-onalar sport mashqlariga ham eʼtibor qaratishi, jumladan, oʻgʻil-qizlarini sakrash, turnikda osilish, voleybol va basketbol kabi sport turlariga jalb qilishi maqsadga muvofiq.
Uyquning yetarli darajada boʻlishi ham muhim sanaladi.
Ota-onalar oilada oʻz farzandlari uchun yoqimli muhit yaratib berishi kerak.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q