O‘zbekiston-Qirgʻiziston chegarasida ikkita chegara bojxona posti ochildi

Saqlash
15:55 / 12.09.2024 171 0

12-sentabr kuni Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani Qorasuv shahrida joylashgan “Qorasuv” chegara bojxona posti, hamda Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumani Boʻston mahallasidagi “Uchqurgʻon” chegara bojxona postining tantanali ochildi. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, “Uchqurgʻon” bojxona postidan bir kunda oʻrtacha 10 ming nafar fuqaro oʻtishi mumkin. U orqali 500 dan ortiq yukli hamda 300 dan ortiq yengil avtotransport vositasi harakatlanishi kutilmoqda.

 

 

Ushbu post geografik jihatdan bevosita Qirgʻizistonning “Oʻsh-Bishkek” dovon avto yoʻliga yaqin hisoblanadi.

 

Oʻzbekistonning “Uchqoʻrgʻon-Avtoyoʻl” va Qirgʻizistonning Jalolobod viloyatidagi “Kensay-Avtoyoʻl” nazorat-oʻtkazish punktlari sayyohlarning Qirgʻiziston hamda Xitoyga oʻtib qaytishlari va tranzit oʻtishlari uchun eng qisqa yoʻl hisoblanadi, deyiladi xabarda.

 

Tojikistonning Xoʻjand viloyatidan Rossiya, Xitoy hamda Qirgʻiziston davlatlariga olib oʻtiladigan tranzit yuklar ham “Uchqoʻrgʻon” chegara posti orqali harakatlanishi natijasida Andijon viloyati “Doʻstlik” chegara postidagi transport oqimi 30−40 foizga kamayishi kutilyapti.

 

Qoʻmitaning maʼlum qilishicha, mazkur oʻtkazish punkti 2016-yilda Qirgʻiziston tomonidan bir taraflama yopib qoʻyilgan edi.

 

12-sentabrda, shuningdek Andijon viloyatidagi Qirgʻiziston bilan chegaradosh “Qorasuv” chegara bojxona posti ham 14 yillik tanaffusdan soʻng qayta ochildi. Postdan kuniga 12 mingdan ortiq odam oʻtib-qaytishi mumkin.

 

 

Post orqali yoʻlovchilar asosan yopiq inshootlar boʻylab harakatlanadi. Postda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tezkor va samarali amalga oshirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//