OAVning aksilkorrupsiya ishlaridagi roli, jurnalistning huquqiy himoyasi va soʻz erkinligi – ilk xalqaro media-forumda qanday mavzular muhokama qilindi?

Saqlash
00:29 / 12.09.2024 224 0

“Agar siz barqaror rivojlangan mamlakat qurmoqchi boʻlsangiz, korrupsiyani vatan xoiniga, korrupsionerni esa eng ashaddiy sotqinga tenglashtiring. Ikkinchidan, oʻqituvchilar, shifokorlar va harbiylarni eng katta maosh oladigan kasb egalariga aylantiring. Eng muhimi, mehnat qiling va mehnat qiling, yana mehnat qiling!”.


10-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan Korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha ilk xalqaro media-forum yuqoridagi iqtibos bilan boshlandi. Forumda mahalliy OAV vakillari, vazirlik va tegishli idoralarning matbuot kotiblari bilan bir qatorda, xorijiy mutaxassislar ham oʻz fikr-mulohazalari bilan ishtirok etdi.


Xalqaro miqyosda oʻtkazilgan ushbu forum 2023-yil boʻlib oʻtgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash” marosimida ilgari surilgan prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil qilindi.


Korrupsiya holatlarini aniqlashda OAV ulushini oshirishni maqsad qilgan ushbu forumning dastlabki sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii, AQSHning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik, Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistondagi delegatsiyasining hamkorlik boʻlimi boshligʻi Wim Riepma hamda Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi missiya rahbari oʻrinbosari va hamkorlik boʻlimi rahbari Michael Vimmer oʻz tajribasi bilan boʻlishib, muhim raqamlarni aytib oʻtdi.

 

“OAV korrupsiya illatining oldini olish, fosh etish va bartaraf etishda bizning asosiy hamkorimiz, maslakdoshimizdir. Bu yoʻlda bizning maqsadimiz bir, vazifa va saʼy-harakatlarimiz ham umumiydir” – deydi Akmal Burxonov.


Tadbir korrupsiyaning yangi shakllarini ochiqlashda OAVning rolini oshirish, bu borada global hamda mahalliy muammolar va yechimlarni muhokama qilish, jamiyatda shaffoflik va hisobdorlikni oshirish boʻyicha qoʻshma tashabbuslar ishlab chiqish kabilarni maqsad qilib, ularga erishish boʻyicha muhim qadam vazifasini oʻtadi.


Forum shuningdek, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlashda OAVning roli, axborot etikasi hamda tahliliy jurnalistika istiqbollari va jurnalistik surishtiruvlarning roli haqidagi sessiyalarni ham oʻz ichiga olib, sohaning mahalliy va xorijiy mutaxassislari tomonidan muhokama qilindi.


Soʻz erkinligi va jurnalistlar himoyasini kuchaytirish boʻyicha Sherzodxon Qudratxoʻja, Xushnudbek Xudoyberdiyev, BMTning taraqqiyot dasturi eksperti Jeyms Ralf Brindli hamda “Boltiq media mukammalligi markazi” ijrochi direktori, va bu borada ilgʻor xorijiy tajribalar bilan yaqindan tanishib, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun platforma yaratish kabi masalalar muhokamasidan iborat ushbu tadbir maʼlum darajada koʻzlagan maqsadiga erishdi.

 


Barcha ishtirokchilar, umuman, mamlakat istiqboli uchun muhim va dolzarb boʻlgan ushbu xalqaro forum har yili oʻtkaziladigan anʼanaga aylantirilishi koʻzda tutilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//