Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh vaziri bilan uchrashdi

Saqlash
19:40 / 10.09.2024 811 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bugun, 10-sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

 

Ma'lumot uchun, Rossiya delegatsiyasi Oʻzbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi qoʻshma komissiyaning beshinchi yigʻilishi doirasida O'zbekistonda boʻlib turibdi.

 

Xabarda keltirilishicha, uchrashuv avvalida Mixail Mishustin Shavkat Mirziyoyevga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.

 

Muzokaralar davomida esa Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

 

Shuningdek, Rossiya Prezidentining joriy yil 26–28-may kunlari Oʻzbekistonga qilgan davlat tashrifi chogʻida qabul qilingan qaror va kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

 

Bundan tashqari, Qoʻshma komissiya tomonidan kunikecha oʻtkazilgan navbatdagi yigʻilishning samarali natijalari yuqori baholangan.

 

Xabarda yozilishicha, muzokarada tovar ayirboshlash surʼatini saqlab qolish, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va iqtisodiyotning boshqa ustuvor sohalarida hamkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash hamda jadallashtirish boʻyicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni koʻrish zarurligi taʼkidlangan.

 

Oʻzbekiston Prezidenti hududlar darajasida amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish, jadal madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, migratsiya sohasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhim ekanini qayd etgan.

 

 

Uchrashuv davomida tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//