“Afgʻonistonlik ayollar uchun bu juda muhim” – Saida Mirziyoyeva Oʻzbekistonda tahsil olayotgan Afgʻoniston fuqarolari haqida gapirdi

Saqlash
16:33 / 10.09.2024 769 0

Saida Mirziyoyeva “Taʼlimni tajovuzlardan himoya qilish xalqaro kuni” munosabati bilan Qatarda uyushtirilgan davra suhbatida ishtirok etdi.

 

Mirziyoyeva taklif uchun Qatar davlati taʼlim, fan va ijtimoiy taraqqiyot fondi raisi shayxa Muza bint Nosir al-Misnadga minnatdorchilik bildirgan.

 

 

“Oʻzbekiston taʼlim sifatiga, ayniqsa, qizlar va ayollarning bilim egallashiga katta eʼtibor qaratmoqda. Bu borada yurtimiz sarhadlari bilan cheklanib qolayotganimiz yoʻq.

 

2018-yili Prezidentimiz tashabbusi bilan Termiz shahrida kasb-hunar taʼlimi markazi ochildi, hozirga qadar bu yerda 700 nafarga yaqin Afgʻoniston fuqarosi tahsil oldi, ulardan 200 nafari – xotin-qizlar.

 

Afgʻonistonlik ayollar uchun bu juda muhim – mamlakatda ona va bola salomatligini muhofaza qilish sohasida malakali tibbiy kadrlar yetishmovchiligi kuzatiladi.

 

Biz gumanitar inqirozning oldini olish yoʻlida afgʻonistonlik qizlar va ayollarni zaruriy kasblarga oʻqitish ishlarini davom ettirishga tayyormiz. Qatar hukumati va “Education Above All” jamgʻarmasi boʻlsa, bu borada bizga yordam berishga shay”, deb yozadi Saida Mirziyoyeva oʻz xabarida.

 

U, shuningdek, mavjud vaziyatni inobatga olish, bu vazifani uddalash barcha tomonlar uchun oson boʻlmasligini qoʻshimcha qilar ekan, “bu yoʻlda bor kuch-quvvatni ishga solishga tayyormiz”, – deydi.

 

 

“Xotin-qizlar uchun eng yaxshi himoya — taʼlim olish imkoniyatidan emin-erkin foydalanishdir”, deya taʼkidlaydi Prezident yordamchisi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//