Ijtimoiy tarmoqlarda yana bir dorining nojoʻya taʼsiri haqida xabarlar tarqaldi

Saqlash
14:50 / 06.09.2024 1522 0

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaroda “Цефтрiaксон-БХФЗ” dori vositasini qoʻllash natijasida nojoʻya taʼsirlar kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi.

 

Mazkur xabar yuzasidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi fuqaro A.X. oʻzida 3 kun davomida isitma, holsizlik kuzatilgandan soʻng, uy sharoitida davolanmoqchi boʻlgan. U bunda shifokor tavsiyasisiz, oʻzboshimchalik bilan “Цефтрiaксон” va “Лидокаин” dori vositalari aralashmasini onasi yordamida mushak orasiga qabul qilgan. Oradan taxminan 10 daqiqa oʻtgach, bemorda badan qaqshashi, kuchli holsizlik, nafas siqishi va qon bosimining meʼyoridan oshib ketishi kuzatilgan.

 

Shundan soʻng fuqaro “Tez yordam” mashinasida dislokatsiyaga koʻra dastlab I.Ergashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasiga, keyin esa ixtisoslashgan yordam koʻrsatish maqsadida Ibn Sino nomli 1-son shahar klinik shifoxonasiga olib kelingan va unga standart boʻyicha davo choralari qoʻllanilgan.

 

Bajarilgan muolajalar natijasida bemorda toshmalar, isitma, holsizlik kabi simptomlar bartaraf etilib, uning ahvoli yaxshilangan. Shundan keyin fuqaroning uyiga ketishiga ruxsat berilgan.

 

Rasmiy munosabatda yozilishicha, dastlabki oʻrganishlar bemorda kuzatilgan nojoʻya reaksiya mazkur dori vositasining sifati bilan bogʻliq emasligini koʻrsatgan.

 

Yaʼni, ushbu preparat qonunda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda laborator tekshiruvlar natijasida sertifikatlashtirilib, tibbiyot amaliyotida qoʻllash uchun ruxsat etilgan. Shunga qaramasdan, bemordan qabul qilib olingan preparatlar ayni damda markaz laboratoriyalarida qayta tekshiruvdan oʻtkazilmoqda.

 

Maʼlumot uchun, “Цефтрiaксон” dori preparati keng taʼsir doirasiga ega boʻlgan antibiotiklar oilasining uchinchi avlodiga mansub boʻlib, u bakterial infeksiyalarni davolashda qoʻllaniladi.

 

Biroq shamollash, gripp va boshqa virusli infeksiyalar muolajasida bu dori vositasi hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi. “Цефтрiaксон” dori preparati shifokor resepti asosida beriladi va shifokor nazorati ostida qoʻllaniladi.

 

Taʼkidlanishicha, undan uy sharoitida oʻzboshimchalik bilan foydalanish mutlaqo mumkin emas.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//