Parlament saylovi byulletenlarining shakli tasdiqlandi

Saqlash
21:49 / 05.09.2024 1642 0

Markaziy saylov komissiyasi Parlament saylovi byulletenlarining shakli va tavsifini tasdiqladi. Ushbu byulletenlar ixchamligi sabab xarajatlarni 3 mlrd soʻmgacha kamaytiradi, natijalarni aniqlash uchun sarflanadigan vaqt sarfi ham qisqaradi.

 

27-oktabr kuni boʻlib oʻtadigan Parlament saylovi uchun beriladigan byulletenlarning shakli tasdiqlandi. Bu haqda 5-sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida maʻlum qilindi.

 

Xabar qilinishicha, bu yilgi byulletenlar mutlaqo yangi shaklda boʻlib, uning ixchamligi byulletenni chop etish xarajatlarini kamida 3 mlrd soʻmgacha qisqartirish imkonini beradi.

 

 

“Bundan tashqari, har bir saylov turi uchun byulletenlarning rangi ham turlicha, yaʻni, Qonunchilik palatasining bir mandatli saylov okrugi boʻyicha saylov byulleteni och koʻk rangda, yagona saylov okrugi boʻyicha saylov byulleteni och yashil rangda, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashi saylovi boʻyicha saylov byulleteni och sariq rangda, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi saylovi boʻyicha saylov byulleteni och kulrang rangda qilib belgilandi. Xuddi shu tartibda ovozlarni sanab chiqish natijalarini aniqlash toʻgʻrisidagi bayonnomalar ham saylov byulletenlari rangiga mutanosib ravishda chop etilishi qayd etildi”, — deyiladi yigʻilish bayonida.

 

Ushbu holatda saylov uchastkasida ovoz berish natijalarini hisoblash algoritmlari xronometraj qilinganda uchastka saylov komissiyasining ish hajmi va natijalarni aniqlash uchun sarflanadigan vaqt sarfi kamayishi kuzatiladi.

 

Jumladan, avvalgi saylovlarda ovoz berish natijalarini hisoblash uchun uchastka saylov komissiyalari oʻrtacha 4 soat vaqt sarflashgan boʻlsa, yangi shakldagi saylov byulletenlari joriy etilishi ushbu vaqtni kamida 1 soatgacha qisqartirish, butun respublika boʻyicha esa komissiyalarning kamida 11 ming soatgacha vaqtini tejash imkonini beradi.

 

MSK natijalariga koʻra, avvalgi saylovlardagi uchastka saylov komissiyalarining oʻrtacha 11 nafar aʻzolari sonini joriy yilda oʻrtacha 10 nafargacha, yaʻni respublika boʻyicha 2,1 ming nafargacha kamaytirishga hamda ular uchun sarflanadigan 2 mlrd soʻmlik kompensatsiya toʻlovlari boʻyicha xarajatlarni ham iqtisod qilinishiga erishilmoqda.

 

Shu bilan birga, saylov byulletenlarining ixcham hajmi va turli ranglarda chop etilishi saylovchilar uchun ham qulaylik yaratib, byulletenlarni bir-biridan ajratib olish va ularni toʻldirish jarayonlarini yanada osonlashtiradi, deyiladi xabarda.

 

Qarorga koʻra, bir mandatli saylov okruglari boʻyicha Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda saylov okrugi boʻyicha saylov natijalarini aniqlash toʻgʻrisidagi bayonnomalarga lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi tartibida kiritiladi.

 

Shuningdek, yagona saylov okrugi boʻyicha Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi, ramziy belgisi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda hudud boʻyicha saylov natijalarini aniqlash toʻgʻrisidagi bayonnomalarga ularning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritilishi belgilab berildi, jumladan:

 

birinchi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi;

 

ikkinchi, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;

 

uchinchi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi;

 

toʻrtinchi, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi;

 

beshinchi, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.

 

Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan mahalliy Kengashlar sayloviga doir saylov byulletenlarining shakli va matni namunasi ham tasdiqlandi.

 

Saylov byulletenlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalari tomonidan taqdim etilgan maʻlumotga muvofiq saylov okrugi (hudud) boʻyicha saylovchilar sonini inobatga olgan holda chop etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//