Raqobat qoʻmitasi AKFA universiteti ustidan ish qoʻzgʻatdi

Saqlash
14:49 / 04.09.2024 1060 0

AKFA university'ga qonun buzilish holatini bartaraf etish boʻyicha koʻrsatma berildi” deb xabar berdi Raqobat qoʻmitasi.

 

Maʼlum boʻlishicha, AKFA universitetining “Commercial Law” (Tijorat huquqi) yoʻnalishida bir yil oʻqitib va keyingi yildan ushbu yoʻnalishda oʻqish toʻxtatib qoʻyilgani, toʻlangan pullar qaytarib berilmayotgani toʻgʻrisida qoʻmitaga 10 ga yaqin murojaat kelib tushgan.

 

Ushbu murojaatlar boʻyicha oʻtkazilgan tahlillarga koʻra, 2022-yil 10-yanvarda turli OAVda AKFA universitetiga 2022/2023-oʻquv yili uchun qabul boshlangani toʻgʻrisida reklama axborotlari joylashtirilgan hamda reklamalarda abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish, shuningdek, “Tijorat huquqi” taʼlim yoʻnalishi uchun ham davom etayotgani bayon qilingan.

 

Universitet nodavlat oliy taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun berilgan litsenziyada ruxsat etilgan taʼlim yoʻnalishlarida “Tijorat huquqi” mavjud emasligiga qaramasdan, mazkur yoʻnalishda oʻqitish uchun 2022/2023-oʻquv yilida talabalarni oʻqishga qabul qilgan va 4 yillik (8 ta semestr) oʻqish uchun ommaviy oferta shartnomasi tuzgan.

 

Talabalar esa 12,5 mln soʻmdan 25,0 mln soʻmgacha kontrakt toʻlovini toʻlagan (Qoʻmitaga kelib tushgan 7 ta murojaatlar boʻyicha qayta hisob-kitob qilinmaganda, jami mablagʻ miqdori – 167 mln 500 ming soʻm).

 

Oʻqish maʼlum bir muddat davom etgan va 2023-yil avgust oyida talabalarga “Tijorat huquqi” yoʻnalishida oʻqitish uchun litsenziya berilmaganligi sababli keyingi, 2023/2024-oʻquv yilini vaqtinchalik gibrid shaklida davom ettirish yoki Xalqaro biznes taʼlim yoʻnalishida oʻqish taklif qilingan.

 

Aksariyat talabalar bu taklifni rad etgan boʻlsa, ayrimlari boshqa taʼlim yoʻnalishida oʻqishga rozi boʻlgan.

 

Oʻrganish davomida universitet tomonidan bugungi kunga qadar koʻrsatilmagan xizmat uchun olingan kontrakt pullari fuqarolarga qaytarib berilmagani aniqlangan.

 

Mazkur holatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasi (xizmatning xavfsiz boʻlishi, ijrochining gʻayriqonuniy harakati tufayli yetkazilgan moddiy ziyoni toʻliq hajmda qoplanishi), 7-moddasi (notoʻgʻri reklama oqibatida isteʼmolchiga yetkazilgan zarar qoplab berilmaslik), 12-moddasi (xizmatni amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda bajarilgan boʻlishi), 19-moddasi (shartnoma shartlarini bajarmaslik), 21-moddasi (shartnomaga isteʼmolchi huquqlarini cheklab qoʻyadigan shartlarni kiritish, koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olish) talablari buzilganligi yuzasidan qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 12.10.2005-yildagi 225-sonli (10.07.2024 y. 405-sonli) qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan “CENTRAL ASIAN UNIVERSITY” MCHJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, ish maxsus komissiya tomonidan arizachilar ishtirokida koʻrib chiqilgan.

 

Yakunda, “CENTRAL ASIAN UNIVERSITY” MCHJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-, 7-, 12-, 19- va 21-moddalari talablari buzilgan deb topilgan va qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatma berilgan.

 

Koʻrsatilmagan xizmat uchun esa 7 nafar talabaga jami 167.500.000 soʻm mablagʻni qayta hisob-kitob qilish majburiyati qoʻyilgan.

 

Shuningdek, boshqa fuqarolarning murojaati asosida ular bilan tegishli qayta hisob-kitoblarni amalga oshirish boʻyicha ham tushuntirish berilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//